- Rukn: Sheʼrlar
- 2979 marta ko‘rilgan
Quloq solgin qalbingga
SAHRODAGI QUSH
Saksovul tepasiga
Omonat uya qurib,
Shod yashaydi, o‘zicha
Palaponlar o‘stirib.
G‘ayrati jo‘shib, yuksak
Ko‘tarilsa samoga,
Ko‘zi tushar olisda
Vodiylarga, daryoga.
Xush ko‘rsa ham yiroqdan
Jilva qilgan chamanni.
Tark etmas qumi qaynoq
Sahrosini – Vatanni!
URUSHNI KO‘RGAN ODAM
“Urush ko‘rgan odamlar
Rosa mergan bo‘lishar.
Har qanaqa nishonni
Olisdan ham urishar”.
Akamning so‘zlariga
Ishonmayman men endi.
(Bu gapning yolg‘onligi
Boyagina bilindi).
Daladagi bug‘doyni
Talayvergach qush-quzg‘un,
“Afg‘onchi” Nor akani
Boshlab keldik biz bugun.
U imillab miltiqqa
Bir juft o‘qni joyladi.
Xomush edi, qushlarni
Uzoq-uzoq poyladi.
So‘ng...
Dag‘-dag‘ titrab qo‘li,
Yuzlaridan qochib qon,
Miltiqni tashlab, dilxun
Jo‘nadi uyi tomon.
O‘ylanaman, tushunmay
Shuncha mergan bo‘lsa ham,
Uzolmaskan qushga o‘q
Urushni ko‘rgan odam.
SHOIR UKAMGA
Yashay olmasang she’rsiz,
Dil o‘rtansa tunlari,
Jaranglasa ruhingda
So‘zning sirli unlari.
Quloq solgin qalbingga,
Unda ajib sehr bor,
She’riyat deb atalgan
Mulkka ulkan mehr bor.
Bas,
Ezgu tuyg‘ularga
Sozlab ko‘ngil torini,
To‘kaver oq qogozga
Yuragingda borini.
SURBET
– Gilos pishdi,
Kelding sen.
O‘rik pishdi,
Kelding sen.
Olma, uzum,
Shaftoli
Hammasidan
Yeding sen.
Xo‘sh,
Tag‘in nima pishdi,
Yana paydo bo‘lding sen?
– Bilmadingmi,
Bildim men,
Qizg‘anchiq bo‘lma yana,
Bog‘ingizning to‘rida
Anor bo‘zardi ana!
Sodiqjon INOYATOV