- Rukn: Sheʼrlar
- 808 marta ko‘rilgan
“Qalbim tubidagi shirin tilagim”
Vatan muqaddassan
Vatan, sen aslida mening yuragim,
Qalbim tubidagi shirin tilagim,
Koʻzimni ochiboq koʻrgan-bilganim,
Vatan muqaddassan, sen muqaddassan.
Doimo eʼzozda qutlugʻ kitobing,
U bilan yorugʻdir koʻkda oftobing,
Oʻzbekning dilida misli mehrobim,
Vatan muqaddassan, sen muqaddassan.
Chiroying ochilar kundan kun yurtim,
Mana 30 yilki, nonimiz butun,
Istiqlol bizlarga baxt tutar tun-kun,
Vatan muqaddassan, sen muqaddassan.
Yashayman baxtiyor dilda shukrona,
Kelajakka ishonch, tilda shukrona,
Baxti barkamol shu elda shukrona,
Vatan muqaddassan, sen muqaddassan.
Kitobdan oʻrgandi
Bolamga kitob berdim,
Oʻqishga qoʻydi mehr.
Satrlar orasidan
Topdi u ajib sehr.
Nainki, faqat sehr,
Ziyo topdi porlagan.
Kuch va zakovat topdi
Maqsad sari chorlagan.
Maqsadga erishmoq-chun
Koʻproq oʻqidi bolam,
Mening-chi zavqim toshib,
Koʻnglim boʻldi xotirjam.
Millat allomalarin
Tanib oldi birma-bir,
Oʻqigan sari unda
Kamol topmishdir sabr.
Kitob oʻqib xayolan
Moziy bilan uchrashdi,
Ajdodlarini tanib
Dil-dilidan soʻzlashdi.
Kitobdan oʻrgandi u
Shijoat-matonatni,
Muqaddas Vataniga
Mehr va sadoqatni.
Nabiralar
Oʻgʻil, qiz nabiralar
Hayotimiz bezagi,
Ular kamolin koʻrish
Bobo, buvi tilagi.
Ilmga qoʻyib mehr,
Kitobdan topib sehr,
Sogʻlom oʻsib, ulgʻayib,
Boʻlsin yurtin tirgagi.
Vatan mehri dillarga
Qoʻrgʻoshindek quyilsin.
Madhiyani tinglasa,
Alla misol tuyulsin.
Oshirib til boyligin,
Bolalik shoʻx soyligin,
Lahzalar qadrin bilib
Erkalansin, sevilsin.
Aʼlo oʻqimoq uchun
Imkoniyat bisyordir.
Har qadam yoʻlingizda
Yurtboshi mehri yordir.
Odat qiling salomni,
Qadriyatlar, kalomni.
Olqishlar olib yashang
Shunda el baxtiyordir.
Muqaddas Abdusamatova