- Rukn: Sheʼrlar
- 829 marta ko‘rilgan
“Aziz yoshlar uchun yoshlik gʻanimat”
Sheʼr
Gullagan hayotimda jon ila jahonim sheʼr,
Har na qoʻlga keltirsam jumla xonumonim sheʼr.
Mahramim boʻlib tun-kun bir nafas judo boʻlmas,
Jonkuyar qadrdonim, chunki mehribonim sheʼr.
Oʻtdi yoshligim, afsus koʻp ogʻir zamonlarda,
Kuldi oqibat baxtim, boʻldi soyabonim sheʼr.
Shukrkim, farovonlik menga ham kulib boqdi,
Xalq uchun asar yozdim, boʻldi armugʻonim sheʼr.
Gulshanim yashab yashnar, yayrashur oʻgʻil-qizlar,
Bir umrga yetkundek hosil osh-u nonim sheʼr.
Mavj urib buloq oso qaynasam tamom oʻlmas,
Kuldi-ketdi mehmonlar, koʻrsalarki, qonim sheʼr.
Men Habibiy, bogʻimda meva borki rango-rang,
Umrimi uzun qilgay bogʻ-u bogʻbonim sheʼr.
Bizning yoshlar
Bizda yoshlar borki, goʻyo jon biri, vijdon biri,
Davramizda nodiri davron biri, jonon biri.
Istagancha hosil olmoqda halol mehnat bilan,
Mehnatim baxtim, degan dehqon biri, bogʻbon biri.
Bir-biriga ilm-u hikmatda boʻlib yor-u mador,
Xilma-xil topgay tugalmas kon biri, imkon biri.
Tor-u mor aylar yovuz yovlarni chaqqonlik bilan,
Qilsa jang maydonida javlon biri, polvon biri.
Xalq uchun sogʻliqni saqlash xizmatida erta-kech
Boʻlsa bemor ahliga darmon biri, Luqmon biri.
Gʻayrat-u surʼat bilan tun-u kun barobar sayr etar,
Lahzada sahroyi bepoyon biri, osmon biri.
Sanʼat arbobi, Habibiy, shod etar har dam oʻqib,
Rohatafzo sheʼr ila doston biri, xushxon biri.
Maktab
Jahonda ilm-u fanning koni maktab,
Tugalmas koni bepoyoni maktab.
Muhabbat qilsa kim ilm-u hunarga,
Shirin jon birla teng jononi maktab.
Vujudin ilm ila gavhar qilurga,
Qidirsa choralar imkoni maktab.
Toʻliq ilm-u adab olmoqqa avval
Kishining gʻayrat-u vijdoni maktab.
Aziz yoshlar uchun yoshlik gʻanimat,
Bilimsizning boʻlur armoni maktab.
Rivoj olsa nechogʻlik ilm-u urfon,
Madad baxsh-u madoru joni maktab.
Habibiy