Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Qarang buncha yam-yashil...”

Buvimning hikoyasi

Eh, bolalik yillari,

Qoldi uzoqda.

Qirgʻoqqa sapchib oqqan

Ul oqizoqda.

Bolalik bu eng maʼsum,

Navoli sozdir.

Bolalik bu gʻoyibdan

Kelgan ovozdir.

Yoʻllarida poyandoz,

Yashil maysalar.

Eh, bolalik olisda

Mayin nay chalar.

Chorlaydi qizgʻaldoqqa

Toʻlgan dalalar.

Qulogʻimga bolalik

Aytar allalar.

 

Tong yoʻrgagi

Ochib tongning darchasin,

Sochdi quyosh zarchasin.

Qushlar boshlar navoni,

Xonish tutar havoni.

Zamin nurga chayildi,

Kim koʻrgan bu sayilni?

Majnuntollar nozlandi,

Suvga qarab rozlandi.

Yechildi tun yoʻrgagi,

Boshlandi tong ertagi.

 

Chuvalchangga

Yomgʻir yogʻar xoʻp ezib,

Chiq chuvalchang yer qazib.

Choʻzil koʻchada yayrab,

Baqalar bersin sayrab.

Qoʻrqma endi sovuqdan,

Ehtiyot boʻl tovuqdan!

 

Yashasin oftob

Chaqinlar tindi,

Giyohlar undi.

Yogʻduga choʻmdi –

Yashasin oftob!

Shudringda aksi,

Yaproqda raqsi,

Fayzlidir bahsi –

Yashasin oftob!

Qoʻrqmaymiz tundan,

Yayraymiz kundan.

Tiriklik shundan –

Yashasin oftob!

 

Olma

Oyijonim, hormangiz,

Mana aytgan olmangiz.

Olavering borin-da,

Qolgan yarmi qorinda!

 

Qoʻzichoq

Qarang buncha yam-yashil,

Qizgʻaldoqrang dalalar.

Bunda buncha koʻp ekan,

Menga oʻxshash barralar.

Dikirlatib chopaman,

Toʻrt oyogʻim – yoʻrgʻamni.

Yoʻqolmasin deb choʻpon

Taqib qoʻydi sirgʻamni.

 

Nurulloh Oston

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.