- Rukn: Sheʼrlar
- 1219 marta ko‘rilgan
“Shirin, chiroyli, sarxil...”
Qizil qaqajonlar
Bir-biridan
Rang olgan
Ol-u
Pushti mevasi.
Har xil
Nomlanib qolgan:
Boydir
Elning shevasi.
Murabbo
Borasinda
Ikkisi ham
Tengsizdir.
Ne farq bor
Orasinda,
Bilmoq uchun
Yeng siz, bir!
Tagiga
Toʻshang sholcha,
Terish oldidan
Xolos.
Shunda ezilmas
OLCHA,
Potos bogʻlamas
GILOS!
Oʻrtahol – poʻrtaxol
Yetti iqlimdan kelgan
Mevalar naʼvi har xil.
Ular biri-biridan
Shirin, chiroyli, sarxil.
Goʻyo yovvoyi “ekin” –
KOKOS,
BANAN,
ANANAS...
Tekin emas-u,
Lekin,
Hamma qiladi havas.
APELSIN,
FUNDUK,
XURMO,
AVAKADO va
MANGO,
KIVI,
LIMON,
MANDARIN...
Bizga sal “oʻgay”,
Ammo,
“Uraveramiz” barin.
Barchasini koʻring teng,
Oʻpoq, soʻpoq, yapaloq...
Iching, shiming, soʻring, yeng,
Uvol qilish yoʻq, biroq!
Soʻradim nevaramdan:
– Qani, Bilol, aytaqol,
Sanalgan mevalarning
Qaysi biri poʻrtaxol?
– Yaxshi, bobojon, hozir.
– Bilmagan beri kelsin.
– FUNDUK,
KOKOS “yongʻoq”dir.
– POʻRTAXOL-chi?
– APELSIN!
Yetti iqlimdan kelgan
Mevalar naʼvi har xil.
Ular biri-biridan
Shirin,
Chiroyli,
Sarxil.
Yahyo Togʻa