- Rukn: Sheʼrlar
- 3554 marta ko‘rilgan
“Odobli bola” sheʼriy toʻplamidan
Taniqli shoir Ochil TOHIR keyingi yillarda sermahsul ijod qilmoqda. Uning nafaqat kattalarga, balki siz bolalarga bagʻishlab tayyorlagan bir necha kitoblari chop etilgan. Yaqinda “Sharq” nashriyotida bosmadan chiqqan “Odobli bola” deb nomlangan sheʼriy toʻplami ham aynan sizga atalgan. Sahifamizda ushbu kitobdan joy olgan ajoyib sheʼrlardan birini taqdim etmoqdamiz. Sheʼrdagi ayyor tulkining soʻzlarini diqqat bilan oʻqisangiz, yon-atrofingizga sinchkovlik bilan qarashni oʻrganasiz.
Tulkining soʻzi
Nomimdir ayyor tulki,
Mugʻombirligim shulki,
Asrash uchun jonimni,
Toʻq tutmayman qornimni.
Bilaman, hayvon borki,
Bir-biridan koʻp farqi.
Biri ojiz, biri zoʻr,
Biri toʻq, biri bazoʻr
Kun koʻrar, bunda sabab –
Yurmas holiga qarab.
Koʻrsa shudgorda quyruq,
Nafs berar unga buyruq.
Deyman, boʻl oʻzdan hazir,
Ammo gap qilmas taʼsir.
Oʻrmon, toʻqay sultoni
Sherning uzundir qoʻli,
Aytsam gapning dangalin,
Boʻlolmas ammo tulki.
Yoʻlda koʻp tuzoq-qopqon
Tushgaydir – nafsi oʻpqon.
Mana olaylik boʻri,
Oʻlja deb qurir shoʻri.
Ortiga qaytmas chunki,
Tingla, xoh qoʻling silki,
Boʻlmasang gar ehtiyot,
Silliq emasdir hayot.
Ahil bizning qavmimiz,
Juda nozik taʼbimiz
Qilmaymiz oʻzni koʻz-koʻz,
Hamda ortiqcha gap-soʻz.
Hayvonning har xil turqi,
Oʻziga xosdir xulqi.
Mendan olmayin ulgi,
Boʻlishar mudom kulgi.
Yerga urib nomimni,
Bulgʻamang siz shaʼnimni.
Chiranmasin hayvonlar,
Hech tulki boʻlolmaslar.
Qirqta hiylam boʻlsa ham,
Kelavermas doim qoʻl.
Dushmanga koʻrinmaslik –
Yashash uchun qulay yoʻl.