- Rukn: Sheʼrlar
- 580 marta ko‘rilgan
Qochoq ilhom
Kechalari tushimga
Nimalar ham kirmaydi?
She’rlar meni uyg‘otib,
Hol-jonimga qo‘ymaydi.
“She’r yoz!” deyishib menga,
Qog‘oz, qalam tutkazar,
Yetaklab jim qo‘limdan
Stolimga o‘tkazar.
Ko‘zimni katta ochib,
Qog‘ozimga qarayman.
“Shoh asar yaratsam-a?!”
Hayajonda o‘ylayman.
Ana shunda to‘satdan,
Zo‘r she’r keldi miyamga
“Qani yoza boshlaymiz”,
Shivirladim qalamga.
Qalamimni qog‘ozga
Endi tekkizgandimki,
Yeldi-uchdi ilhomlar
Xuddi kiyganday konki!
Tutolmadim ilhomni
Kelganda ajib g‘oya!
Men bir go‘dak, u bo‘lsa,
Tutqich bermagan soya.
Eh, biroz to‘xtaganda,
Shoh asar yaralardi!
Til chiqarib ilhomlar,
Oynamdan mo‘raladi...
Nozimaxon RUSTAMBEKOVA,
Xorazm viloyati Urganch shahri
30-sonli IDUM 6-sinf