- Rukn: Sheʼrlar
- 14769 marta ko‘rilgan
Salom – odobning boshi
Maktabim
Salom – odobning boshi,
Odob – umr quyoshi.
Ta’lim – xulqning yo‘ldoshi,
Baxtga irmoq maktabim!
Bilimlarning dunyosi,
Dunyolarning a’losi,
A’lochilar fidosi,
Mehri qaynoq maktabim!
Tafakkurning qaymog‘i,
Ezgulikdir sabog‘i,
Saodatning mayog‘i,
Boshda bayroq maktabim!
Kitob
Kitob – donishmand bobom,
Kitob – ertakchi buvim.
Ezgulikni qalbimda
Yashnatib turgan suvim.
Kitob – mehribon otam,
Kitob mushfiq onamdir.
Beg‘araz ham sodiq do‘st,
Hamsuhbat, hamxonamdir.
Kitob – beminnat ustoz,
Kitob – buyuk muallim.
Odob-axloq, kasb-hunar,
Berar tarbiya, ta’lim.
Kitob – ilohiy ne’mat,
Kitob ma’naviyatdir.
Kitob – quyosh, kitob – nur,
Kitob abadiyatdir.
NEGMUROD GULIYEV,
“Shuhrat” medali sohibi,
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani