Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Savol-javob

– Dunyo nima, dadajon?

– Dunyo so‘qmoqdir, bolam,

Dunyo chaqmoqdir, bolam,

Dunyo asli Muallim,

O‘zni uqmoqdir, bolam...

 

– Ilm nima, dadajon?

– Ilm ziyodir, bolam,

Ilm tillodir, bolam,

Ustozlardan ol ta’lim,

Ilm dunyodir, bolam...

 

– Hunar nima, dadajon?

– Hunar halol non, bolam,

Va xotirjam jon, bolam,

Hunarli xor bo‘lmagay,

Va minglab imkon, bolam...

 

– Boylik nima, dadajon?

– Boylik iymondir, bolam,

Toza vijdondir bolam,

Sen-u, mening borligim,

Gul xonadondir, bolam...

 

– Tinchlik nima, dadajon?

– Tinchlik tabassum, bolam,

Shodlik jamuljam, bolam,

Hur hilpirar bayrog‘ing,

O‘yna, xotirjam, bolam...

 

– Vatan nima, dadajon?

– Vatan onangdir, bolam,

Vatan – oila, mahallang,

Bu olamga sig‘maydi

Vatansiz odam, bolam...

 

– Rahmat sizga, dadajon...

– Savol bormi, qaqajon?

 

Mansurjon XO‘JAYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.