Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Seni shunday sevaman, tuproq

Nogoh yurak hapriqib ketar...

Men bilaman, u kutar meni.

Hech qanday kuch yoʻq qila olmas

Qalbimdagi bunday sevgini.

Qadamlarim qanot kabidir,

Uchib, tunning koʻksini tilar.

Anhordagi boʻtana suv ham

Mening ajib sevgimni bilar.

Toqqa chiqib, hayqirganimda

Daralardan qaytdi aks-sado.

Yashil vodiy, daryolar aytdi,

Qalbingdagi sevgi bebaho.

Keksa tutlar – tanasi bujur,

Meva tutgan olma daraxti.

Meni qoʻymay savolga tutdi:

– Oshiqmisan, rostini aytgil.

Qishlogʻimning tuproq koʻchasi –

Bolaligim kechgan ul hayot.

Dedi: – Sening shivirlaringga

Toʻlayotir bugun koinot.

Hassa tutgan oqsoqol chollar

“Qizim”, desa baxtga toʻlganim,

Padarim, deb koʻzlarim quvnab,

Har birida Xizir koʻrganim.

Bu shunday el. Zamini oltin,

Bu shunday el. Koʻksi Tangri togʻ.

Seni shunday sevaman, yurtim,

Seni shunday sevaman, tuproq.

Sharifa Salimova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.