- Rukn: Sheʼrlar
- 951 marta ko‘rilgan
“Sensiz qolsam kim boʻlaman men?”
Ona tilim
Ona tilim oltindan qimmat,
Sensiz qolsam kim boʻlaman men?
Borsa kelmas yoʻllarda gʻoyib,
Tosh boʻlaman, chim boʻlaman men.
Ona tilim, sensiz sargʻayib,
Bir chekkada jim boʻlaman men.
Oʻzga tillar saltanatida
Yugurdak yetim boʻlaman men.
Kimdir aytdi: “Baxtsiz til – bu til”,
Seni baxtsiz qilgan menmasmi?
Oʻz onasi bir chetda qolib,
Oʻzga tilga mahliyo, mastmi?
Nima qilsam kechirasan, ayt?
Kuygan nondek isrofligim, ayt!
Buxoriydek iymonligim, ayt!
Termiziydek insofligim, ayt!
To Oʻrxundan Enasoy qadar,
Xoqon tilim, qurbon tilim, ayt!
Xos Hojibdek eshon tilim, ayt!
Shoh Boburdek choʻl-u dasht aro,
Tojsiz qolgʻon sulton tilim, ayt!
Kel, poyingga boshimni qoʻyay,
Olovlardan chiqqansan omon.
Sen bolam, deb beshikdan olib,
Qulogʻimga aytgansan azon.
Mening uchun sendan ulugʻ yoʻq,
Ona tilim – buzrukvor shohim.
Mendan oʻtdi kechir, afv ayla,
Ona tilim – olampanohim.
Allohimni tanitgan hayrat,
Nima qilsam mendan rozisan?
Navoiydek muhtasham, hazrat,
Qoshgʻariyning joynamozisan.
Avliyolar tutgan tasbehsan,
Sochilmassan, tuproq boʻlmassan.
Olovlardan oʻtgan qaqnussan,
Sen oʻlmassan! Yoʻq sen oʻlmassan!
Qoʻlyozmalar yonmaydi, yonmas,
Asrab turar mustahkam devor.
Loqaydlikning qoʻldan gugurtin
Tortib olar tilshunoslar bor.
Mening uchun sendan ulugʻ yoʻq,
Ona tilim – buzrukvor shohim.
Sen bordirsan demak, oʻzbek bor,
Ona tilim – olampanohim.
Oʻzbekiston bayrogʻi
Yurt bayrogʻin oʻpganlar, ey, baxtidan shodonlar,
Vatan soʻzin har bir harfi yuraklarning titrogʻi.
Osmon bizning boshlarga yiqilmaydi yoronlar,
Osmonni ushlab turar Oʻzbekiston bayrogʻi.
Bu shunchaki bayroq emas, soyasida yurt yashar,
Soyasida millat yashar, gullar aziz tuprogʻi.
Osmon bizning boshlarga yiqilmaydi yoronlar,
Osmonni ushlab turar Oʻzbekiston bayrogʻi.
Qorga qalov topganlar, ey, muzlarni yoqqanlar,
Vatan – desa chaqmoq chaqar koʻzlarining qarogʻi.
Ey, gullarni sevganlar, ey, choʻllarni quvganlar,
Tuyalarin labi tegsa gullar dashti, yantogʻi.
Ey, kulgu yarashganlar, Allohim qarashganlar,
Yelkasiga oftob tegib gullab yotar har yogʻi.
Osmon bizning boshlarga yiqilmaydi yoronlar,
Osmonni ushlab turar Oʻzbekiston bayrogʻi.
Bu muqaddas bayroq erur, bu muhtasham bayroqdir,
Dastasida iz qoldirgan bobolarning barmogʻi.
Ey, niyatga yetganlar, qil koʻprikdan oʻtganlar,
Toʻrt tarafda qaynab yotar aqllarning bulogʻi.
Ey, bir soʻzli mardonlar, ortga qaytmas arslonlar,
Bayrogʻiga oyni qadab, koʻkdan yulduz toʻkkanlar.
Tuproqqa tiz choʻkkanlar, unga jonin tikkanlar,
Yurt bayrogʻin oʻpayotib koʻzidan yosh toʻkkanlar.
Ey, beklarning uygʻogʻi, ey, qoʻllari qadogʻi,
Vatan – desa, koʻrinmaydi muhabbatning adogʻi.
Osmon bizning boshlarga yiqilmaydi yoronlar,
Osmonni ushlab turar Oʻzbekiston bayrogʻi.
Zulfiya Moʻminova