- Rukn: Sheʼrlar
- 1142 marta ko‘rilgan
“Suv boʻyida sadaqayragʻoch...”
Qayragʻoch
Suv boʻyida sadaqayragʻoch,
Yuz kishilik moʻl soyasi bor.
Eniga ham yetmas toʻrt quloch,
Bir gʻalati hikoyasi bor:
Emish burun, yuz yil burunroq,
Shu qishloqdan oʻtmish chol darvesh.
Yolgʻiz ekan, soch-soqoli oq,
Na oʻgʻli bor, na qiz, na yor, xesh.
Suv boʻyida dam olibdi chol,
Keyin yerni kovlab, tayogʻin –
Oʻsha joyga tiqibdi darhol...
Eslay olmas hech kim u yogʻin.
Oʻsha tayoq koʻklam ekan-da,
Asta-asta yozibdi kurtak.
Tagʻin har yil koʻklam kelganda,
Boʻy choʻzibdi, dema – bu ertak.
Boʻy choʻzibdi, yil oʻtgan sayin,
Ulgʻayibdi, kuchga toʻlibdi.
Soyasi moʻl, salqini mayin,
Shundogʻam dov, polvon boʻlibdi.
Egolmaydi hozir boʻronlar,
Boʻronlarga oʻzin qilar pesh.
Bunda orom olarkan jonlar,
Eslanadi oʻsha chol darvesh.
Gilos
Gilos koʻchatini ekkin, – der bobom,
Hovli chekkasida yana joy ham bor,
Gilos soyasida olasan orom,
Mehnating sira ham ketmaydi bekor.
Xuddi oʻzing kabi oʻsar koʻchating,
Ikki-uch yil oʻtmay aniq koʻrgaysan:
Bekorga boʻlmabdi jindek mehnating,
Mevasin yegaysan, zavqin surgaysan.
Gilos koʻchatini ekdim bu koʻklam,
Ariq olib, tagin boʻshatdim, bobo.
Yaxshi oʻgitlaring yoqadi biram,
Yaxshi orzungni ham ushatdim, bobo!
Joʻja
Ergashtirib bir juft joʻja
Qoʻshnimizning qoʻrasidan
Chiqib kelar ona tovuq,
Juda badjahl, juda oʻjar.
Tutay desam sarasidan,
Yoʻl bermaydi sira yovuq.
Buvim der: yondosha koʻrma,
Bir joʻja ham oldirmaydi.
Haddingdan sen osha koʻrma,
Hech qarovsiz qoldirmaydi.
Men qarayman olisroqdan,
Bir-biridan suluv joʻja.
Biri xuddi oppoq roʻja,
Oʻzgasi naq yuz quroqdan.
Biri ola, biri sargʻish...
Bu yonidan oʻtgim kelur,
Bittasini tutgim kelur,
U yonidan oʻtgim kelur,
Uchtasini tutgim kelur.
Lekin oʻtib ketaman jim,
Ranjimasin, axir, buvim,
Kimga darkor, axir, qargʻish?!
Mirtemir