- Rukn: Sheʼrlar
- 2010 marta ko‘rilgan
Shamolvoyning sayohati
Olqor DAMIN
Shamolvoy bir kun
Tog‘larga bordi.
O‘h-ho‘, hamma yoq
Yashnab yotardi!
Ana, lolazor –
Bir to‘p qizbola!
Shovullab, pastga
Chopar shalola.
So‘ngra tog‘lardan
Tushdi pastroqqa.
Duch keldi bunda
Ko‘m-ko‘k o‘tloqqa.
Uchib o‘ynardi
Kapalakchalar.
Yaproqlar xursand –
Qarsaklar chalar.
So‘ngra erinmay
Cho‘llarga bordi.
O‘h-ho‘, qumlar zap
Isib yotardi!
Oxiri, charchab,
Uxladi-qoldi.
Boshida to‘rg‘ay
Musiqa chaldi.