- Rukn: Sheʼrlar
- 2542 marta ko‘rilgan
Siznikidir kelajak, iqbol
“O‘qing, uqing, olingiz ta’lim,
Siznikidir kelajak, iqbol”.
Jon kuydirar, bizga muallim
Mushtoq, deya yorug‘ istiqbol.
Qalbda tuydim sinoat-sehrin,
Kelajakka chorlab bir ovoz.
Qanot bo‘lib ustozlar mehri,
Orzularim qilmoqda parvoz.
Umid bilan yo‘lga chiqdim men,
Sadoqatdir ko‘nglimning rozi.
Ahdim qat’iy, shimarganman yeng,
Qilmoq uchun Vatanni rozi.
Tulki
Nomimdir ayyor tulki,
Mug‘ombirligim shulki,
Asrash uchun jonimni,
To‘q tutmayman qornimni.
Bilaman, hayvon borki,
Bir-biridan ko‘p farqi.
Biri chaqqon, biri zo‘r,
Biri kun ko‘rar bazo‘r.
Yo‘lda ko‘p tuzoq-qopqon,
Tushgaydir nafsi o‘pqon.
Mana olaylik, bo‘ri,
O‘lja deb qurir sho‘ri.
Hushyor bizning qavmimiz,
Ichga yutib damimiz.
Qilmaymiz o‘zni ko‘z-ko‘z,
Hamda ortiqcha gap-so‘z.
Masxara qilib bizni,
Qilar o‘zicha kulgi.
Qanchalik chiranmasin,
Bo‘lolmas aslo tulki.
Ochil TOHIR