- Rukn: Sheʼrlar
- 262 marta ko‘rilgan
Tinchlik nima?
Bolajonim, sho‘xliging,
Sog‘lomliging tinchlikdir.
Usti butun, to‘qliging,
Polvonliging tinchlikdir!
Dunyodagi yaxshilar
Urushga choh qazirlar.
Gullarga, daraxtlarga
Tinchlik so‘zin yozarlar.
Gul bo‘lib, daraxt bo‘lib
O‘sib boradi tinchlik.
Urush – halokat yo‘lin
To‘sib boradi tinchlik.
Tinchlik aka-ukaning
Ittifoqi demakdir.
Qo‘ni-qo‘shni bir-birin
Tashvishini yemakdir.
Buvijonni qaritmay,
Tinchlik yoshartiradi.
Orzularing paydar-pay
Amalga oshiradi.
Ota-ona, do‘st-yorga
Iltifotda bo‘lmoqdir.
O‘zbek, qozoq, hamma el
Ittifoqda bo‘lmoqdir.
Meniki, seniki deb,
Bo‘lsak butun dunyoni,
Bo‘linadi yerimiz,
Bo‘lib bo‘lmas havoni.
Axir, havo bo‘lmasa,
Ayting, qanday yashaymiz?
Bizlar do‘stmiz, oshnamiz,
Biz tinchlikda yashaymiz,
Biz tinchlikka tashnamiz!
Umida ABDUAZIMOVA