- Rukn: Sheʼrlar
- 1670 marta ko‘rilgan
Vatan degan soʻz
Vatan soʻzi naqadar buyuk!
Avval uni anglamoq kerak.
Tuprogʻini tilloday suyub,
Tasavvurni ranglamoq kerak.
U baxt axir, bedavo dardmas,
Otin aytib hayqirish shartmas,
Ortga nazar tashlabon birpas,
Tafakkurni jamlamoq kerak.
Ne bir zotlar qoʻlida qurol,
Shu yer uchun kurashdi halol.
Shahid jonlar haqqi bemalol –
Qarogʻlarni namlamoq kerak.
Ushalgaydir bir kuni orzu,
Shoyad urush – almisoq mavzu.
Boʻyni uzun toʻplarning ogʻzi –
Muzeylarda zanglamoq kerak.
Hozir qoʻlga qalamni oldim,
Sheʼrni boshlab, oʻylanib qoldim...
Vatan haqda soʻylashdan oldin –
Har bir soʻzni tanlamoq kerak.
Yashamoqdan nedir muddao?
Unutib ham qoʻyamiz goho.
Yozganingga eng xolis baho –
Xalq tilida yangramoq kerak!
Orif TOʻXTASH