- Rukn: Sheʼrlar
- 25 marta ko‘rilgan
Vatan uchun
Vatan – Onajon, derlar,
Vatan – jonajon, derlar.
Vatan – tug‘ilgan yer-u
Vatan – ulg‘aygan yerlar.
Vatan uchun ko‘ksingni
O‘q teshsa, bilinmaydi.
Vatan uchun tig‘ botsa,
Vujuding tilinmaydi.
Vatan – bizning otamiz,
Vatan – bizning onamiz.
Vatan uchun janglarda,
Olovlarda yonamiz.
Maktab, birinchi sinf,
Sen o‘tirgan ilk parta.
Sen yozgan birinchi harf,
O‘qigan so‘z – ilk marta.
Vatan – sinfdosh qiz u,
Ko‘ylaklari chiroyli.
Yurakka tushgan ilk cho‘g‘,
Chehrasi yulduz, oyli.
Vatan – bizning otamiz,
Vatan – bizning onamiz.
Ona uchun bahslarda,
Kurashlarda yonamiz.
Vatan – sen o‘sgan qishloq,
Qirga tutashgan cheti.
Sen ariqda oqqanda
Akang kelgandi yetib.
Sen yurgan yer-ko‘chalar,
Amma-yu, xolalaring.
Seni himoya qilgan
Qishlog‘ing bolalari.
Vatan – bizning otamiz,
Vatan – bizning onamiz.
Ota uchun dovlarda,
Sinovlarda yonamiz.
Vatan – mening yoshligim,
Hali hayot oldinda!
Aqlim qaynar, kuchliman,
Istiqbol bor oldimda.
Biz bunyodkor avlodmiz,
Kelajakni quramiz!
Orzu, maqsadimiz mo‘l,
Doim olg‘a yuramiz,
Davr-u davron suramiz!
Vatan – bizning otamiz,
Vatan – bizning onamiz.
Vatan uchun janglarda,
Olovlarda yonamiz.
* * *
Oq kunlar imillab cho‘zilar,
Kapalak soyasin quvadi.
Dalada tug‘ilgan qo‘zilar
Hidini yomg‘irlar yuvadi.
Shalobbo bo‘ladi ust-boshim,
Atirdan gurkirar hamma joy.
Men bilan tortishib, talashib,
Uygacha kiradi saqich loy.
Bu yomg‘ir, bu loylar meniki,
Meniki atirli qiyoqlar.
Yastangan bu joylar meniki,
Meniki ko‘kargan bayroqlar!..
Salim ASHUR