- Rukn: Sheʼrlar
- 58 marta ko‘rilgan
Vatanning joni
Bu Vatanning qosh-u ko‘zi,
Mujgoni bor, bolajon.
Urib turgan sof yuragi,
Vijdoni bor, bolajon.
Parvarishlang nihol yanglig‘,
Dilda o‘sgay gul Vatan.
Tosh otsangiz ozor chekar,
“Voh!”, joni bor, bolajon.
Siz – Vatanning orzulari
Osmon qadar yurakchasi.
Siz – Vatanning vujudida
Jigarining bir parchasi.
Yuraklarda yaproq yozgan
Kurtak misol tilagingiz.
Shul diyorning quchog‘ida
Kuchga to‘lsin bilagingiz.
Kiprik bo‘ling jon Vatanni
Qorachiqday asramoqqa.
Siz shay turing Vatan ishqin
Olov, cho‘g‘day asramoqqa.
Qo‘lni bering qo‘lingizga,
Marjon bo‘ling, bolajon.
Ko‘z tegmasin ona yurtni
Giryon bo‘ling, bolajon.
Mirzohid MUSAQULOV,
Samarqand viloyati Qo‘shrobot tumani
42-maktab o‘qituvchisi