Bog‘dagi ta’til
Singlim Nihola ikkimiz yozni sog‘inib kutamiz. Chunki biz ta’tilni bobomning bog‘ida o‘tkazamiz. U yerda qulupnaydan tortib ke-ee-ch kuzgacha pishadigan barcha mevalarni uchratishingiz mumkin. Bizni ko‘rgan bobom va buvijonim:
– Voy, meni yordamchilarim kelibdi-ku, – deb quchoq ochib kutib olishadi. Kiyimlarimizni almashtirgach qo‘limizga ikkita chelakni olib, bog‘da javlon urib ishlayotgan bobom tomon yuguramiz. Bobom bog‘da ehtiyotkorlik bilan yurish lozimligini, bo‘lmasa ekinlarga zarar yetkazib qo‘yishimiz mumkinligini uqtiradilar. Daraxtlarga chaqqonlik bilan chiqib, bir zumda chelaklarni gilosga to‘ldirib tushamiz. Keyin zavq bilan mazza qilib yeymiz, hatto quloqlarimizga gilosdan zirak ilib olamiz.
Buvijonimiz bizni zavq bilan ishlayotganimizni ko‘rib, “Barakalla, qizlarim”, deb erkalab qo‘yadilar va o‘zlari yopgan issiq nonlari bilan siylaydilar. Oh, buvijonim yopgan nonlari boshqacha-da, hech bir xushbo‘y ifor unga teng kelolmaydi. Balki bizni shu ifor buvijonim va bobojonim tomon chorlasa kerak...
Ifora RUSTAMOVA,
Toshkent viloyati Parkent tumani
7-maktab 8-sinf