Mardu mardonlar yurti
14-yanvar – Vatan himoyachilari kunini har yili koʻtarinki ruhda bayram qilamiz. Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 272-maktabda “Oʻzbekiston – Mard-u maydonlar yurti” mavzusida oʻtgan noanʼanaviy ochiq dars ham aynan shu bayramga bagʻishlandi. Bu darsda ichki ishlar polkovnigi, vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlari boshlangʻich sinflarning “Oʻqish kitobi”ga kiritilgan shoir Zikrilla Neʼmatning ishtirok etishi barchaga oʻzgacha kayfiyat bagʻishladi. 3-”A” sinf oʻqituvchisi Nilufar Primqulova hamda 4-”V” sinf oʻqituvchisi Dilorom Moʻminovalar hamkorlikda tashkil qilgan bu darsda barcha oʻquvchilar faol qatnashishdi. Shoirning oʻnlab sheʼrlarini yoddan aytishdi, qoʻshiqlar kuylashdi, kichik sahna koʻrinishlarini namoyish etishdi. Qiziqarli savol-javoblardan soʻng Zikrilla Neʼmat topqir va zukko bolalarga oʻz kitoblaridan sovgʻa qildi.
Gulxanjon