Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mehribonim ustozim

Ertalab onam sochlarimni silab, “Turaqol, qizim, bugun ustozlar kuni, birinchi o‘qituvchingni tabriklagani boramiz”, – dedilar. Sevinib ketdim. Birinchi ustozim Zulfiya opa Mahamedovani esladim. 270-maktabning 1-sinfiga ilk qadam qo‘yib, sinf xonaga kirganimda, yozuv taxtasi tepasida Islom Karimov bobomizning kulib turgan suratlariga ko‘zim tushgandi. Ustozning stolida O‘zbekistonimiz bayrog‘i bor edi. Partalar ustida esa Prezidentimiz sovg‘alari turardi. O‘shanda hamma bolalar quvonib ketgandi. Zulfiya opa bizni o‘zgacha mehr bilan kutib oldilar. “Faqat a’lo baholarga o‘qinglar, sizlardan kelajakda yaxshi insonlar chiqishiga ishonaman. Prezidentimiz Islom bobomiz ham sizlarga o‘z tabrik va sovg‘alarini yuborib, yurtimizga kerakli insonlar bo‘lishingizga ishonch bildirdilar”, – dedilar. Sumka ichidagi o‘quv qurollarini ko‘rib, o‘z-o‘zimga faqat a’lo baholarga o‘qishga so‘z berdim. Zulfiya opam qo‘llarimdan ushlab harflarni yozdirganlari hech qachon yodimdan chiqmaydi. Darsdan so‘ng oldilariga olib, ovqatlantirib, onam ishdan qaytgunlarigacha ertak, hikoyalar o‘qib, o‘qishga havas uyg‘otgan edilar.

Mening ham sizdek o‘qituvchi bo‘lish orzuim bor. Aziz ustozim, doimo sog‘ bo‘ling. Kelajakda siz va ota-onam xohlagandek yetuk inson bo‘lishga harakat qilaman.

 

Nozila OMONOVA,

Toshkent shahar 242-maktab 4-sinf

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.