“Men sen bilan hayot zavqini tuydim”
Ehtirom
Jajji qoʻllarimga qalam tutqazib,
Poshsho koʻnglim aro sarvari inson.
Goho gʻolib boʻldim, goho yutqazib,
Sizning mehringizni qoʻmsadim, har on...
Jajji yuragimda keng dunyo ochgan,
Orzular ulashgan goʻzal, fusunkor...
Umrini sham yangligʻ ziyoga sochgan,
Azizim, ustozim, asl fidokor.
Har on qalbimdasiz! Duolarimda!
Otamday mukarram, onamday suyuk!
Sizning izingizdan magʻrur boryapman,
Birinchi ustozim hurmatim ulugʻ.
Eʼzoza qizingiz taʼzimda har dam,
Birinchi ustozim, sizga ehtirom.
Vatan
Koʻz ochib koʻrganim, jannatmakonim,
Samimiy insonlar, doʻstlar davrasi.
Hokisor otamning duolariday,
Jonimga joylangan onam allasi.
Men sen bilan hayot zavqini tuydim,
Oʻzimni angladim, oʻzligim topdim.
Onasin sogʻingan bolakay misol
Qayerda boʻlmayin bagʻringga chopdim...
Yurak dukurida zarbing jarangi,
Porlaysan koʻzimning qaroqlarida.
Sening saodating koʻnglim huzuri,
Oftobimsan qalbim mayoqlarida.
Eʼzoza NAMOZOVA,
Samarqand DCHTI 1-kurs talabasi