Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mushoira etadi davom

Yorug‘ tonglar

 

Har tong derazamning qanotin ochib,

Bir olam muhabbat bilan qarayman.

Va dildan talpinib, hayqirib, toshib,

Bahor keldimi, deb shoshib so‘rayman.

Mana, ko‘kda qator varraklar ila

Qo‘shilib kezmoqda mehr va sog‘inch.

O‘rik ham bejirim ko‘ylaklariga

Yana taqib oldi oppoq to‘g‘nog‘ich.

Go‘zallik uyg‘ondi, mana men guvoh,

Endi yorug‘ tonglar emasdir g‘arib.

Quyoshning tikilib qarashidan, oh,

Qizg‘aldoqlar yuzi ketdi qizarib.

Bu holat surati ko‘chdi yurakka,

Dunyoni unutdim, o‘zni unutdim.

Va’da bersa-da u yana kelmakka,

Bahorning qo‘lidan mahkamroq tutdim.

 

Mehrinoz ABBOSOVA

 

 

Kitob

 

Kitob – oftob, kitob – muallim,

Kitob – qalbga yaqin birodar.

Dur topaman o‘qigan sarim,

Bebaho boylikka barobar.

Varaqlanar qayta-qaytadan,

Kitob so‘ylar rostgo‘y ertaklar.

Yoxud sohir she’rlar aytadi,

Titilib ketadi yuraklar.

Udir ko‘ngil tarbiyachisi,

Unda jamdir jami malohat.

Bir boshlansa yo‘q nihoyasi

Kitob dunyosiga sayohat.

Dunyodoshim, tingla tilagim,

Nihol dillar senga o‘xshasin.

Har insonning chap ko‘ksidagi

Oltin kitob mangu yashasin!

 

Yulduzoy O‘RMONOVA

 

 

Bahorning boshlanishi

 

Birdan gullavorar

Surxonda bodom,

Ko‘ngil qamashadi

Nurdan, ziyodan.

Osmondagi oppoq

Parqu bulutlar

Engashib suv ichar

Amudaryodan.

Yerdan bosh ko‘tarar

Nimjon maysalar,

Boychechak qirlarga

To‘shaydi gilam.

Bahor boshlanadi

Surxondaryodan

Voha bo‘ylab yashnar

Yam-yashil ko‘klam...

 

Dilrabo NORQULOVA

 

 

Bulutlar

 

Osmonda suzib yurar,

Biri qora, biri oq.

Ba’zan to‘qnashib ketib,

Hosil qiladi chaqmoq.

Ba’zan esa yig‘lashib,

Ko‘z yoshlarin to‘kishar.

Tomchilari osmondan

Baraka bo‘lib tushar.

Oq bulut, tinchlik rangi

Yurtimni tark etmasin.

Qora bulut qadami

Osmonimga yetmasin.

Oq parqu bulut kabi

Yurtim bo‘lsin osoyish.

Hech qachon qoplamasin

Qora bulutdek urush.

 

Muxtasar KARIMOVA

 


Bu yilgi a’lo xulqli, noyob iste’dodli, zukkoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari hamda ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan bir guruh iste’dodli qizlar safidan Toshkent viloyati Bekobod tumanidagi 6-maktabning 9-sinf o‘quvchisi, jurnalimizning faol mualliflaridan biri Muxtasar Karimova ham joy olganligi bizni nihoyatda quvontirdi. Biz Muxtasarni ushbu ulkan yutuq bilan tabriklaymiz. Muxtasar o‘qishda va mehnatda, she’riyatda o‘z ijodkorligi bilan Vatanimiz, Prezidentimizning yuksak ishonchini oqlaydi, deb umid qilamiz.

 

Tahririyatdan

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.