Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Qaqnus” toʻgaragi aʼzolari ijodidan

Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi “Qaqnus” toʻgaragi joʻshqin, izlanuvchan, isteʼdodli yoshlarni oʻz bagʻriga olgan. Toʻgarak rahbari Sarvinoz opa Mamanova oʻquvchilarga adabiyot, ijod, sheʼriyat sirlaridan saboq berib kelmoqda. Quyida toʻgarak aʼzolarining ijod namunalaridan bahramand boʻlasiz.

 

 

Elmurod va Dilmurod

 

Tong saharlab Elmurod

Koʻchaga chopib chiqdi.

Qoʻshni bola Dilmurod,

Koptogin olib chiqdi.

 

– Keldingmi, – deb, – oʻrtoqjon, –

Xursand boʻlib chopishdi,

Futbol zoʻr-da, jonajon

Changlar bilan topishdi.

 

Esiga kelmas maktab,

Darsni oʻtirmas oʻylab.

Shu choq keldi onasi

Qoʻlda kaltak hoy-hoylab.

 

Doʻstlar holi tang boʻldi,

Ogʻzaki koʻp jang boʻldi.

Bemavrid tepishib toʻp,

Dakki eshitishdi xoʻp.

 

Laylo ALMATOVA

 

 

Mitti uloqcha

 

Oʻt sevimli ovqati,

Yaylovda charx uradi.

Uxlashga yoʻq toqati,

Tong otmasdan turadi.

 

Adirda sakrab-sakrab,

Oʻtlar jajji uloqcha.

Onasiga surkalar

Qorni och qolgan kecha.

 

Raʼno ABDUVAITOVA

 

 

Tabiat uygʻunligi

 

Tong sahardan saxiy, mehribon quyosh,

Togʻ ortidan asta koʻtaradi bosh.

Maysalar yuzini shabnam-la yuvar,

Bundayin goʻzallik uyquni quvar.

 

Koʻngilga xush yoqar tonggi sabolar,

Yuzimga urilar salqin havolar.

Qalblarga yorugʻlik olib kiruvchi,

Ajib tong yurakka ilhom berguvchi.

 

Oʻtloqda kishnagan ovozi toyning,

Jilgʻasi qiqirlab kuladi soyning

Kumushdek porlaydi ulkan bu togʻlar,

Bagʻriga chorlaydi yam-yashil bogʻlar.

 

Mashhura USMONOVA

 

 

Erkatoy

 

Jonibek xoʻp erkatoy,

Erta-yu kech kechar loy.

Shuncha tanbeh-oʻgitlar,

Kor qilmaydi, hoynahoy.

Onasining gapini

Qulogʻiga ilmadi.

Oyogʻidan oʻtib zax,

Aksirishdan tinmadi.

Jonini qiynagach dard,

Oʻz-oʻziga qildi ahd:

“Oyogʻimga qalinroq,

Paypogʻimdan kiyaman.

Quloqsiz bu burnimni

Aksirishdan tiyaman”.

 

Fotima DAVRONOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.