Senda tugʻilganim – eng ulugʻ baxtim
Bugungi yoshlar badiiy ijod olamiga har qachongidan ertaroq kirib kelmoqdalar. Bu bir jihatdan yaxshi, albatta. Ana shunday isteʼdodlardan biri Buxoro viloyati Kogon tumanidagi 3-oʻrta taʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Nilufar AKROMOVAdir. Nilufarning adabiyotga, sheʼriyatga boʻlgan mehri qoʻliga qalam tutqazdi. Oʻsha mehrning mahsuli sifatida uning birinchi kitobchasi chop etildi. Yoshlarimizning maktabda oʻqish davridayoq ikki-uchta kitobga muallif boʻlayotgani ham quvonarli hol. Ammo baʼzan koʻngilni, ular kelgusida ijod yoʻlidan qatʼiyat bilan bora oladilarmi yoki bugungi yozganlari shunchaki havas boʻlib qoladimi, degan xavotir chulgʻaydi. Shukr, Nilufarning sheʼrlarida koʻzga tashlangan ijodga ishtiyoqi, badiiy izlanishlari, yangi soʻz aytishga harakat qilishi uning kelgusida yaxshi shoira boʻlishiga umid uygʻotadi.
Oq yoʻl, Nilufarxon!
Sulaymon Shodiyev,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
Maʼrifat
Komil inson boʻlmoq biz uchun shior,
Bizda ilm-u odob, madaniyat bor,
Yomonlik yoʻlidan yurmaymiz zinhor.
Bizning maqsadimiz ezgulik faqat,
Jaholatga qarshi malham – maʼrifat.
Biz asl musulmon, niqobimiz yoʻq,
Vatanni sotmaymiz va otmaymiz oʻq,
Vatan ishqi bilan qalbimiz toʻliq.
Oʻzbekka xos odob va maʼnaviyat,
Jaholatga qarshi malham – maʼrifat.
Millatni sotmaymiz, dinni sotmaymiz,
Razolat loyiga aslo botmaymiz,
Soxta madaniyat yoʻlin tutmaymiz.
Togʻlarday ustuvor bizning oriyat,
Jaholatga qarshi malham – maʼrifat.
Onajonim sheʼriyat
Orzularim aks etar senda,
Senga ajib mehr bor menda.
Zamiringda qat-qat maʼnolar,
Eʼzozlashar seni donolar.
Menda ham bor shu ezgu niyat,
Onajonim sensan, sheʼriyat.
Bagʻring toʻla sehr-joduga,
Kamalakrang nurga – yogʻduga.
Ostonangda turibman bu dam,
Sirlaringni ochgin menga ham.
Bergin menga imkon, qatʼiyat,
Sen onamsan axir, sheʼriyat!
Saodat maskani
Senda tugʻilganim – eng ulugʻ baxtim,
Bagʻringda yashnaydi umr daraxtim.
Munosib boʻlmoqlik – maqsadim, ahdim,
Saodat maskani – Oʻzbekistonim.
Atlas vodiylaring koʻzni quvnatar,
Jonga huzur berar, dilni kuylatar,
Farzandlaring sahro, choʻlni gullatar,
Saodat maskani – Oʻzbekistonim.
Sendan goʻzal diyor yana qayda bor,
Sendan nusxa olgan jannat va bahor,
Bagʻringda har inson yashar baxtiyor,
Saodat maskani – Oʻzbekistonim.
Sening ogʻushingda baxtimiz butun,
Qoʻrgʻonlar mustahkam, taxtimiz butun,
Jonlar fido boʻlsin faqat sen uchun,
Saodat maskani – Oʻzbekistonim.
Sen Sharqning gavhari, olam ziynati,
Bagʻringga olgansan yuz bir millatni,
Senda koʻrdim mehr, ilm-u hikmatni,
Saodat maskani – Oʻzbekistonim.