Yaxshi maslahatchi
Tunov kuni dugonam Zulfiya bilan xafalashib qoldim. Shundanmi, kayfiyatim tushib ketdi. Qo‘lim ishga bormay qoldi. Bu haqda onamga aytay desam, o‘zimni koyib berishlaridan cho‘chidim. Nima qilishni bilmay turganimda ko‘zim javondagi kitoblarga tushdi. Beixtiyor ulardan biriga qo‘l cho‘zdim. Adiba Tursunoy Sodiqovaning kitobi ekan. Erinibgina sahifaga ko‘z yugurtirdim. O‘qidim-u, o‘zim izlagan narsani topganday bo‘ldim. Kitob do‘stlik, uni asrash, do‘stning burchi haqida ekan. Kitobni o‘qir ekanman, meni qiynagan, o‘ylantirgan savollarga birin-ketin javoblar topardim. Shu tariqa bir kechada kitobni o‘qib tugatdim. Kitobni yopganimda dilim ravshanlashgan, o‘zimni qushday yengil his qilardim. Bejizga kitobni beminnat maslahatchi, yaxshi suhbatdosh deyishmasligini angladim. Bu kitobni Zulfiya dugonamga ham berib turaman. U ham o‘qisin, shunda bir-birimizni tushunishimiz oson bo‘ladi, degan o‘yda kitobni papkamga soldim.
Oqila QAHHOROVA,
Angren shahar “Barkamol avlod” bolalar markazi “Yosh jurnalist va notiq” to‘garagi a’zosi