Beg‘ubor bolalik kuychilari
Yaqinda chop etilgan “Oymomabog‘ navolari” to‘plami qo‘lingizga yetib borishiga ishonamiz. O‘zbekiston xalq artisti Shermat Yormatov o‘z vaqtida ushbu kitob bilan tanishib, taqrizchi sifatida quyidagi mulohazalarni yozib bergan ekan. Taniqli kompozitorning “Oymomabog‘ navolari” qo‘shiqlar to‘plamiga bildirgan fikrlari siz jurnalxonlarni bu kitob haqida tasavvur hosil qilishingizga yordam beradi.
“Oymomabog‘ navolari” O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Umida Abduazimova va kompozitor Jumadulla Nazarovning hammualliflikdagi ijod mahsuli. Avvalo, men bu ikki ijodkorni ushbu to‘plam bilan qutlamoqchiman. Kompozitor va shoira hammuallifligida yaratilgan qo‘shiqlar jamlangan kitob yurtimizda ilk bor nashr qilinmoqda.
Shoiraning she’rlari bolalarimizga judayam tanish – ohangdor, yorqin. Kompozitor o‘sha ohanglarni to‘g‘ri ilg‘ab, yoqimli va jarangdor musiqalarda aks ettira olgan. Kuylari esda qolarli, usullari – o‘ziga xos, gormonik yechimi mukammal ravishda notalarda o‘z aksini topgan. Ushbu to‘plamdan bolalarimiz orasida sevib, kuylanib kelayotgan “Oymoma”, “Umidaning allasi”, “Toy-toy”, “Fil”, “Barnoning qo‘g‘irchog‘i kabi bir qator qo‘shiqlar bilan birga hali siyohi qurib ulgurmagan yangi qo‘shiqlar ham o‘rin olgan.
Qo‘shiqlar mavzusi xilma-xil. “Toy-toy” qo‘shig‘ida xalqimizning chiroyli udumi – farzandlarimizning ilk qadam bosishi munosabati bilan oilada o‘tkaziladigan “Arqon kesdi” marosimi kuylansa, “Oymoma”, “Kaptarjon”, “Chaqmoq” qo‘shiqlari tabiatga mehr-muhabbatga yo‘g‘rilgan.
To‘plamdan o‘rin olgan “Ulug‘ Vatan” marshi “O‘zbekiston – Vatanim manim” respublika tanlovining sovrindori bo‘ldi. Mualliflarning “Fil” qo‘shig‘i O‘zbekiston kompozitorlar va bastakorlari uyushmasining bolalar qo‘shiqlari festival tanlovida birinchi o‘ringa loyiq topildi. “Ukajonim”, “Maktabim”, “Yangi yil” qo‘shiqlari ham o‘z tinglovchilarini topdi. Barcha musiqa o‘qituvchilari va musiqa to‘garagi rahbarlarining, qolaversa, turli yoshdagi qo‘shiq ixlosmandlarining e’tiborini jalb etishga arzigulik bu qo‘shiqlar to‘plami musiqamiz olamiga bir yangilik olib kiradi deb ishonaman. Bolalar ansambllari va dastalari o‘z repertuarlarini to‘plamdan o‘rin olgan qo‘shiqlar bilan boyitib borishini tavsiya qilaman. Zero, she’r va ohang uyg‘unligi mujassam bu qo‘shiqlar baland saviyada, professional darajada yozilgan.
O‘ylaymizki, bu ikki ijodkor hammualliflikda bundan keyin ham qo‘shiqsevar farzandlarimizni o‘zlarining yangidan-yangi asarlari bilan xursand etaveradilar.