Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mag‘lubiyat “nashida”si

Halol bahs – asli shu. Yutqizgan ko‘proq yutadi. Bilmaganini bilib oladi.

(Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobidan)

 

O‘sha kunni juda yaxshi eslayman, odatda hayotimga ta’sir qilgan damlar xotiramda yaxshi saqlanadi. Ishga vaqtliroq keldim. Mo‘jazgina xonamga kirib o‘tirdim. Har doimgidek, yaqinda tugatgan asarim – Lermontovning “Zamonamiz qahramoni”ni o‘ylay boshladim. Pechorin... Naqadar mujmal obraz! Hali qabulimga bunday xarakterli odamlar kelmagan. O‘ziga haddan ziyod bino qo‘ygan, g‘ururni baxt deb biladigan, eng qizig‘i, biror maqsadiga erishganidan keyin, “zerikib”, yangi sarguzashtlar izlab qoladigan, nima bo‘lganda ham ikkiyuzlamachilik va munofiqlikni juda yomon ko‘radigan (aynan shu tomoni menga juda yoqdi)... Bunday kishilarni topish ham uchratish ham amri mahol...

Xayollarim chala qoldi... Eshik taqilladi. O‘rta bo‘yli, bug‘doyrang, qosh-u ko‘zi popukdek chiroyli qiz va yonidagi onasi shekilli, ko‘zlari biroz qisilgan, o‘rta yoshdagi ayol ham kirib keldi. Ularni ochiq yuz bilan kutib oldim. G‘amguzor onani so‘roqqa tutdim:

— Nima bo‘ldi? Nima bezovta qilyapti?

— Qizim hech kulmaydi, bizdan yashirib yig‘lashini ham bilaman.

— Sababini taxmin qilib ko‘rdingizmi?

 — Yaqinda Fan olimpiadasiga qatnashgan, o‘rin ololmadi, balki shu sababdir.

Qiz hech nimani eshitmagandek mung to‘la ko‘zlari bilan ma’yus boqardi. Unga yuzlandim: — Isming nima? U tez javob qaytarmadi. Lekin aytdi: — Faxriya, ismim.

Ona betoqatlana boshladi: — Xo‘sh, singlim? Qanday maslahat berasiz? Dori-darmon degandek, yozib berasizmi? Yaxshi bo‘lib ketadimi?

— Opajon, bir narsa deyish qiyin. Qizingizda jiddiy kasal yo‘qqa o‘xshaydi. Ikkalamiz ozgina suhbat quramiz. U albatta sog‘ayib ketadi. Xavotir olmang. Endi bizni biroz xoli qoldirsangiz, sizga o‘zimiz xabar beramiz!

Faxriya ikkimiz yuzma-yuz o‘tirdik.

— Xo‘-o‘sh, Faxriya, isming juda chiroyli ekan. Kim qo‘ygan? Bunday ismni birinchi eshitishim?

 — Bobom qo‘ygan. Lekin u kishi olamdan o‘tganlar.

—Joylari jannatdan bo‘lsin... Qizga zimdan nazar tashladim, unchalik qattiq tushkunlikka tushgan emas, aynan shuning “arafa”sida bo‘lishi mumkin, – deb o‘yladim. — Faxriya, kelishib olaylik. Bugun mendan hech narsani yashirmaysan. Onangga qara, qanchalik xafa. U seni xursand bo‘lishingni xohlaydi.

— Meni kimdandir yashiradigan narsam yo‘q. Va’dasiz ham qila oladigan ishim uchun so‘z bermayman.

– Tushunarli, xarakteri anglashildi. Biroz o‘jarligi bor, bu uning shaxsiyatini ochib beryapti: — Yoshing nechada?

— O‘n yettida.

 — Maktabda o‘qiysanmi?

 — Ha, 11-sinfman.

– O‘smir yoshdagi qiz bo‘lgani uchun o‘ziga yarasha muammolari bor deb o‘yladim va so‘radim: Ko‘proq nimalar haqida o‘ylaysan?

— Bu yoshda ko‘z oldimga orzularim va ota-onam keladi.

— Muammo nimada?

— ...Bilasizmi? Hayotda eng qiyini nima? Orzu qilasiz, maqsadga aylantirasiz, harakat va mehnatingizni ayamaysiz, o‘z ustingizda tinmay ishlaysiz! Lekin, siz kutgan natijadan urvoq ham yo‘q. G‘alaba hissi qanchalar rohatlanarli bo‘lsa, mag‘lubiyat alami shunchalar achinarli. Buni kimlardir taqdir deydi, kimlardir nasiba. Yana kimlardir “omad”ni ro‘kach qiladi. Lekin, menda umuman boshqacha. Men bunday holatda o‘zimni ayblayman. To‘g‘rirog‘i, so‘nggi mag‘lubiyatimdan keyin shu qarorga keldim. Undan oldin men ham taqdir “hukm”iga ko‘nib, “omad”ga yo‘yardim. 8-sinfimdan buyon Matematika fanidan qanday olimpiada bo‘lsa, barchasiga qatnashaman. Ilk bora Al-Xorazmiy olimpiadasining viloyat bosqichida 3-o‘rinni egallaganman. Vaholanki, Res­pub­lika bosqichiga qatnasha olmaganman. Lekin bu men uchun katta g‘alaba edi. O‘sha payt quvonchim cheksiz edi. Men 8-sinf vaqtimda o‘z ustimda juda qattiq ishladim. Bir yil o‘tib, Fan olimpiadalarida qatnasha boshladim. 9-sinfda viloyat bosqichida 2-o‘rin sohibasi bo‘ldim. Bundan ota-onam, ustozlarim juda quvondi, lekin o‘zim o‘z natijamdan mutlaqo qoniqmadim. Chunki 1-o‘rindan atigi 1,7 ball ortda qolganim va bu o‘z aybim bilan bo‘lgani alam qildi. Alam ustida yana mehnat qila boshladim. Albatta, bu yo‘lda menga ustozim chin dildan yordam berardi. Men u insonni juda yaxshi ko‘rardim. Zohida Ustozim sid­qi­dildan bilim berardilar. Ustozlaringizni yaxshi ko‘rmasangiz, undan nimanidir o‘rganish ham qiyin deb o‘ylayman. Avvalo, ustozga mehr qo‘yish kerak, ishonish kerak. Ustozim mag‘lub bo‘lganimda ham, qiyin damlarda ham yonimda turgan. Olimpiadalarga borganda doim ota-onam va ustozimning ishonchini oqlash – oliy maqsadim bo‘lgan. Afsuski, bu maqsadimni navbatdagi musobaqalarda amalga oshirolmadim. Ikki yildan buyon aytarli natija yo‘q! Bilasizmi? Men yutqazsam nega yig‘layman? Birinchidan, ota-onam va ustozimning ishonchini poymol qildim, deya, ikkinchidan, olgan bilimlarimni oqlay olmaganim uchun o‘kinaman. Men hayotimning biron kunini kitoblarimsiz, ma­te­matikasiz tasavvur qila olmayman. Lekin ketma-ket kelgan mag‘lubiyatlar meni esankiratib qo‘ydi. Na o‘zimga ishonch, na kuch bor. Qayg‘u va pushaymonlik do‘stimga aylangan. Bu yerga kelishimni ota-onam xohladi. Bor gapim shu...

— Ota-onang va ustozing mag‘lubiyat­la­ringdan so‘ng seni tashlab ketdimi?

— Yo‘q.

— Ularni senga bo‘lgan ishonchi kamay­ganini sezdingmi?

— Mutlaqo. Aksincha, menga ishonishlarini har doim ta’kidlashadi.

— O‘zing sevgan mashg‘ulot bilan shug‘ul­lan­yapman deb, o‘ylaysanmi?

— Shubhasiz.

— Seni qiynayotgan pushaymonlik hissi nima?

— Tengdoshlarimdan ancha orqadaman, kech qoldim, deb o‘ylayman.

— Sen kech qolmading, biroq vaqtni boy beryapsan! Tengdoshlaringdan hozircha orqada bo‘lishing mumkin, lekin ulardan oldinga o‘tish imkoniyati senda bor. Ota-onangni quvontirishni xohlaysan, lekin bu ahvoling bilan ularni xafa qilyapsan, tushunyapsanmi? Faxriya, senda o‘zingga ishonch, hayotda go‘zal maqsadlaring bor. Faqatgina mag‘lubiyatlarni ham g‘alaba singari mag‘rur kutib olmog‘ing darkor. Agar pushaymonlik, g‘am-anduh bilan hayotingni davom ettirar ekansan, hech bir maqsadingga erisha olmaysan! Xatolaringni tushun, har daqiqangda baxtiyor yasha, istaklaringdan ilhomlan ana shunda sen dunyodagi eng omadli inson bo‘lasan!

...O‘sha kuni bu gaplar xayolimga qayoqdan kelganini, ular bir insonning hayotida tub burilish yasashini bilmaganman. Ammo shuni bilamanki, g‘oliblikdan shodlanishni biladigan inson mag‘lubiyat “nashida”sini ham qabul qila olishi kerak. Aynan shundaylardan daholar yetishib chiqadi. Faxriya singari insonlar biror maqsadni oldiga qo‘yishsa, uni amalga oshirish uchun o‘zini ham qurbon qilishdan toymaydi. Maqsad bilan uyg‘onib, qoniqish bilan uxlashni xohlashadi. Kichkina mag‘lubiyatlar ularni xafa qiladi. Binobarin, ular bu holatdan tez chiqib keta oladilar. Albatta, nimaningdir yoki kimningdir kuchli ta’siri bilan.

... Oradan ikki yilga yaqin vaqt o‘tdi, Faxriya boshqa qabulimga kelmadi. Bir kuni tushlikdan keyin xonamda kitob o‘qib o‘tirsam, notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Ovozi biroz tanish, lekin eslolmadim. Bu – Faxriya ekan! Uning ovozi hali ham qulog‘imda turgandek, ishonchga to‘la, g‘urur bilan gapirardi. U hozir Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti talabasi ekanligini, “International Mathematical Olympiady” (Xalqaro Matematika Olimpiadasi) da O‘zbekiston nomidan qatnashishdek baxtga muyassar bo‘lganini aytdi...

To‘g‘risi, ko‘zimga yosh keldi. Qilgan mehnati joyiga tushgani uchun juda xursand bo‘ldim, xalqaro olimpiadada ham g‘olib bo‘lishini tilab duo qildim.

Qabulimga har xil insonlar kelishgan, lekin Faxriyani hech unutmayman. Demak, u hayotga qayta olgan. Mag‘lubiyatni ham g‘alaba singari qarshi olishni o‘rgangan, muhimi sabrli bo‘lgan. Demak, qilgan mehnatlarim zoye ketmapti. Oz bo‘lsa ham insonlar hayotida umid guli ekayotganimdan mamnunman. Faxriya singari matonatli insonlar hayotda kam uchraydi, ularning o‘z sohasiga va yaqinlariga bo‘lgan muhabbati muvaf­faqiyat kaliti sifatida doimo yonida bo‘ladi. Hech kim o‘z-o‘zidan muvaffaqiyatga erishib qolmaydi. Yillar sabog‘i, qilingan mehnat, o‘z sohamizga bo‘lgan qiziqish va e’tiqod, mag‘lubiyat va g‘alabani birdek tan olgan kunimiz bunga erishishimiz mumkin.

 

Psixolog kundaligidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani

4-DIUM 10-sinf o‘quvchisi

Hulkaroy Qalandarova

 oqqa ko‘chirdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.