- Rukn: Sheʼrlar
- 124 marta ko‘rilgan
Bahs
Katta tanaffusda biz –
Zubayda, Yashin, Ramz,
Sarvar, Dilbar, Ma’suda
Bahslashdik bir mavzuda.
Mavzu edi ko‘p bahsli
“Kimga qayerda yaxshi?”
Uyga topshiriq edi,
Topshiriq qiziq edi...
– Baliqlar yayrar suvda! –
Boshlab berdi Ma’suda.
– Qushlarga samo yaxshi... –
Qo‘shimcha qildi Yashin.
– Odamga-chi? – der Shahnoz,
Yerda-da! – dedi Avaz.
– Yerda, suvda, ko‘kda ham
Yashay oladi odam! –
Dadil so‘zladi Sarvar,
Bejizga emas sardor!..
– Yer asli ummonli shar,
Qo‘shimcha qildi Dilbar.
– Uchyapmizmi samoda? –
Hazil qildi Samandar.
– Tushunmasang, gap qo‘shma! –
Xo‘mrayib qo‘ydi Chashma.
... Qo‘ng‘iroq yangrar shu choq...
Ustoz kirdi. Tur, o‘rtoq!
Muallim so‘rab bildi,
Bizlarga nazar soldi...
– Afsus, moviy osmonda –
O‘sha cheksiz tomonda –
Paydo Azon teshigi...
Kengaymoqda eshigi.
Quyoshning o‘tkir nuri
Qizirkan, ko‘llar qurib,
Muzlar erir qutbda...
Bu holni kim kutibdi?
Ekologiya – notinch,
Odam sarflar katta kuch,
Tabiatga daf qildi –
Oxiri nima bo‘ldi?
Teshikni yamab bo‘lmas,
Odamzotga og‘ir dars...
Zamin chekar nolalar,
Shuning uchun, bolalar,
Asraylik tabiatni
Eng ulug‘ bu ne’matni.
Kelajakda ham hatto
Qaytarilmasin xato!
Sobir JABBOR