- Rukn: Sheʼrlar
- 4024 marta ko‘rilgan
Beg‘ubor fasl
Yo‘lga chiqdim, yo‘lim olis,
Olis yo‘llar chorlaydi.
Yo‘lim olis, niyat xolis,
Xolis dillar chorlaydi.
Yo‘lni bosib o‘tgunimcha
Qiynar dovul, shamollar,
Bekatimga yetgunimcha,
Daraxt bo‘lur nihollar.
Bir bekatdan yurdim xullas,
Tavsifiga so‘z yo‘qdir,
Uni sevib ardoq etmas,
O‘g‘il yo‘qdir, qiz yo‘qdir.
Bolalikdir uning nomi,
Quyosh bilan oshna u,
Tinim bilmas qaynar oni
Turna ko‘zli chashma u.
...Tabiatni etgan hayron,
Yayroqligim bolalik,
Sho‘x, jarangdor, biyron-biyron
Sayroqligim bolalik.
Bol-u novvot ichra o‘sgan
Qaynoqligim bolalik.
Barcha-barcha jonzot bilan
O‘rtoqligim bolalik.
Shamolga ham bo‘y bermagan
O‘ynoqligim bolalik.
Shodlik to‘la oshufta, sha’n,
Quvnoqligim bolalik.
Bolaligim eng beg‘ubor –
Eng beg‘ubor fasldir.
Bolaligim so‘nmas bahor,
Bahosi yo‘q asldir.
Bolaligim kuylar shirin,
Aylanganmi navoga?
Bolalikning kuyi bugun
Taralmoqda havoga...
Vatanni bog‘ qiyos qilsam,
Unda gul-u lolalar.
Bolaligim endi bilsam
Sho‘x-u shodon bolalar.
Orzusida, xayolida,
Men o‘zimni ko‘raman,
Boqib ular jamoliga
Men o‘zimni ko‘raman.
Ko‘zlarida chaqnar iqbol,
O‘sha mening ko‘zimdir.
Shirin-shakar so‘zlari bol
O‘sha mening so‘zimdir.
Yuzlaridan yog‘ar yog‘du,
O‘sha mening yuzimdir.
Baxtiyordir bolakay bu –
O‘sha mening o‘zimdir.
...Quloq tuting, deyman bu on,
Bolalik so‘zlar chog‘da.
Yuragida orzu, armon
Bir qo‘shiq kuylamoqda:
– Bizlar oqmiz, qoramiz,
Rangimiz turli-tuman.
Lekin asl, saramiz,
Biz-la go‘zal har chaman.
Dunyo bo‘lsa bir uzuk,
Bizlar yoqut ko‘zimiz.
Jahonga bo‘lsin suyuk,
Baxt atalgan so‘zimiz.
Ummonlarning toshqini
Sho‘xligimizcha emas!
Biz – jo‘shqinlar jo‘shqini,
Shamol qiladi havas.
Ulug‘ odam bolasi
Bo‘lmasin desangiz xor,
Otalar tinglang bizni –
Tinchlik bo‘lsin barqaror!
Biz – shodlikning hamdami,
Kerak quyosh, tinchlik – nur!
Kesing terrorning damin,
Yashasin bolalar hur!
Bir niyat bilan tepgan
Dilimizga boqingiz,
Rangimizga qaramang,
Tilimizga boqingiz.
Otalar, o‘ylang bizni,
Bizlar gulmiz, lolamiz!
Bizlar butun yer yuzin
Kelajagi bo‘lamiz!
Bolalik – bu eng beg‘ubor,
Gard yuqmagan fasldir.
Toza ko‘ngil, keng, beg‘ubor,
Niyati sof, asldir.
Temur UBAYDULLO
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli ijdkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, bir etak nabiralarning bobosi Temur Ubaydullo juda bolajon adib. Bu bejiz emas. Chunki Temur aka ijodiy faoliyatini bolalar nashrlarida, “Gulxan” jurnalida boshlaganlar. O‘sha paytlarda bolalarga juda-juda manzur bo‘lgan quvnoq she’rlar, qiziq-qiziq hikoya, ertaklar yozish bilan cheklanib qolmay (ishonmasangiz bobo-buvingiz, ota-onangizdan so‘rang), jurnal qoshida o‘nlab havaskorlarni bag‘riga olgan “Yosh qalamkash” to‘garagini tashkil qilganlar. Bu to‘garakda ilk ijod sabog‘ini olgan Kavsar Turdiyeva, Umida Usmonova, Dilshod Shams, Elmira Rahmatullayeva, Zoir Ziyo kabi ko‘plab havaskorlar endilikda adabiyotda, jurnalistikada o‘z o‘rni va ovoziga ega bo‘lgan qalamkash sifatida xalqqa tanilgan. Ular Temur akani ustoz sifatida ardoqlashadi.
“Gulxan”da izlanuvchan, mehnatsevar, kamtar inson Temur aka bilan yonma-yon ishlab, ular tajribasidan, o‘gitidan bahramand bo‘lgan biz gulxanchilar ham Temur akani o‘zimizga ustoz deb bilamiz. U kishini jurnal jamoasi va uning dolzarb mavzudagi maqola, lavhalari, dostonlarini o‘qib katta bo‘lgan barcha sobiq jurnalxonlar nomidan qutlug‘ yosh bilan samimiy tabriklaymiz. Shaxdam qadamlar va katta rejalar bilan yetmish yoshga yetib olgan adib akamizning qalami yanayam o‘tkirlashgani aniq. Demak, endi yanayam katta hayotiy tajriba hamda zavq bilan ijod qiladilar. Ishonamizki, tinib-tinchimas, serg‘ayrat ijodkor Temur Ubaydullo bilan hamkorligimiz, do‘stligimiz davom etaveradi.
Tahririyat