- Rukn: Sheʼrlar
- 1912 marta ko‘rilgan
Yoz bilan quyosh
Quyosh yoz bilan o‘rtoq,
Ajralgisi kelmaydi.
Kech kirib qolganda ham
Uyi tomon yelmaydi.
Do‘stlarning suhbatiga
Oshiqqanday jo‘ralar,
“Salom!” – deya Quyoshjon
Tong-sahardan mo‘ralar.
Shu do‘stlikning mehridan
Bahra olamiz barcha.
Bolalar-u kattalar,
Yer, osmon, yana qancha.
Gap ko‘p ekan, bilsangiz,
Inoqlik, ahillikda.
Baraka ham shu yerda,
Beminnat saxiylikda.
Shunday to‘kinlik, to‘qlik,
Shundan chor atrof ko‘rkam.
Kundan-kun yashnab borar,
Mening jonajon o‘lkam.
Dunyo shunday g‘aroyib,
Sirga to‘la tabiat.
Jannatmonand yurtimda
Hayot go‘zal to abad!
Mahmud TO‘YCHIYEV