- Rukn: Sheʼrlar
- 3749 marta ko‘rilgan
Sabzi qo‘shig‘i
Azamat XUDOYBERGANOV
Sabzi qo‘shig‘i
Quyon meni aftidan
Ko‘proq yeb qo‘ygan chog‘i.
Bo‘yi o‘sish o‘rniga,
O‘sib ketdi qulog‘i.
Ustozlarga maslahat
Yurmangiz afsus, deya,
“Quloqsiz” bolalarga
Meni qiling tavsiya.
Laylak
Shanba kuni ertalab
Bozorga tushdi Laylak.
Sotib oldi o‘ziga
Bejirim qizil ko‘ylak.
Lekin shimga kelganda
Omadi hech chopmadi.
O‘ziga mos birorta
Loyig‘ini topmadi.
Sarimsoq
Do‘stlarimdan hech biri
Mos kelmaydi didimga.
Chunki qochar barisi
Chidolmasdan hidimga.
Nima qilsam ekan, deb
Juda ko‘p o‘yga toldim.
So‘ng bozordan eng xushbo‘y
Zo‘r atir sotib oldim.
Endi chiqmas noxush hid,
Chin haqiqat so‘zlarim.
Keling, endi boshqatdan
Do‘stlashamiz, do‘stlarim.