- Rukn: Sheʼrlar
- 2056 marta ko‘rilgan
"Yoz oqshomi salqin va tiniq"
Afanasiy FET
***
Ohista qizarar shom,
Tilla tog‘lar, begumon
Havo soviydi, sen ham
Uxla, uxla, bolajon.
Bulbullar kuylamas, jim,
Oqshom tushar xush, shodon.
Kuylar oqadi sim-sim,
Uxla, uxla, bolajon.
Farishta ko‘zli yulduz
Jimirlar g‘ujg‘on-g‘ujg‘on.
Tun yengil, go‘zal bu kez,
Uxla, uxla, bolajon.
***
Ko‘kdan yoyilar mayin
Qorong‘u tun, qorong‘u.
Keng dalalarda tayin
Miltillar soya, yog‘du.
Yuragi toshsa hamki
Tortinib turadi tong,
Sovuq, tiniq xush damki!
Ko‘rinmas quyosh, shu on
Pitirlar qush qanoti...
Subhidam halovati...
***
Yoz oqshomi salqin va tiniq,
Tollar mudrar nurga o‘ralib.
Osmon g‘arbi oqish, ol, yoniq,
Yarqiraydi daryo buralib.
Sirg‘aladi cho‘qqidan shamol,
O‘rmalaydi o‘rmonda betinch.
Vodiy bo‘ylab kishnaydi xushhol
Uyur-uyur otlar olis, tinch.
Rus tilidan Oygul SUYUNDIQOVA tarjimasi