Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bizga saboq ber oftob

Elagingda elaysan, oftob,

Beshigingga belaysan, oftob.

Onamizdek mehribon bo‘lib,

Boshimizni silaysan, oftob.

 

Charchamaysan xayollar surib,

Keng olamga yuzingni burib.

Hayot birdan charaqlab ketar,

Seni har gal baxtiyor ko‘rib.

 

Yaxshilikni qilgancha odat

Nur taratmoq senga saodat.

Fahming o‘tkir bo‘lgani sabab

Yashaydursan abadul-abad.

 

Hammamizdan mehr kutasan,

Qadrimizga to‘la yetasan.

Yomonlikka duch kelgan chog‘ing

Berkinasan, titrab ketasan.

 

Yomon bilan dil bog‘laganlar,

O‘zni qahrga chog‘laganlar,

Saboq olsa bo‘lardi sendan,

Yuragiga tosh bog‘laganlar.

 

Hali qancha g‘o‘rlarimiz bor,

Puchchak, shovvoz “sher”larimiz bor.

Yaxshilikni ko‘rolmaydigan

Ko‘zi ochiq, ko‘rlarimiz bor.

 

Quruqlar-u ho‘llar yo‘q emas,

Egri-bugri qo‘llar yo‘q emas.

Jilovlashni eplay olmagan

O‘z nafsiga qullar yo‘q emas.

 

Odam olasi topilar ekan,

Bu azaliy kasallik, tekkan.

Yomon odat, g‘ayri xislatlar

Odamzotning qaddini bukkan.

 

Shu bois ham kurash to‘xtamas,

Mol-bisotga nurash to‘xtamas.

Inson degan ulug‘ nomga dog‘,

Dil o‘rtar yovqarash to‘xtamas.

 

Shu sababli ustoz bo‘lib qol,

Saxiylikka mumtoz bo‘lib qol.

Ahillikni o‘rgatib bizga,

Xohlagancha, mayli, dovruq sol.

 

Oq yuvib, oq tarab tur, oftob,

Kunimizga yarab tur, oftob.

Yuz burishni o‘ylama bizdan,

Unda bo‘lar holimiz xarob.

 

Ko‘kka quloch kerib tur, oftob,

Charchamagin to‘kib ter, oftob.

Odamiylik xislatlaridan

Bizga saboq berib tur, oftob.

 

Xurram RAYIMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.