- Rukn: Sheʼrlar
- 112 marta ko‘rilgan
Qish zavqi
***
Zamin uzra yozib suprasin,
Un elaydi osmon maydalab.
Parday yumshoq harir ko‘rpasin
To‘zg‘itadi shamol buydalab.
Oppoq choyshab tashlab egniga,
Dov-daraxtlar tinib uxlaydi.
Dosh berolmay sovuq jangiga,
Suvlar sathi qalin yaxlaydi.
Ayoz – rassom, kirishar ishga,
Tug‘iladi san’at asari.
Bahor, gullar kiradi tushga,
Ko‘ngillarga berib tasalli.
Parvo qilmay qish – qahratonga,
Zavqlanishar yayrashib biram.
Sochilmoqda kumush zar tanga,
Bolalarga chinakam bayram.
***
Daryo, anhor muz qotgan,
Daraxtlar o‘yga botgan.
Qorong‘i tunlar sutday,
Bilmam, qachon tong otgan.
Zirillaydi oynalar,
Shamol – bo‘ri uvillar.
Sovuq ko‘cha aylanar,
Ertak aytar buvilar.
***
Chor-atrof sutday oppoq,
Tunlar o‘xshar kunduzga.
Yulduzlar siyrak, tarqoq,
Oy parda tortgan yuzga.
Ayoz otin qamchilar,
Osmonga o‘rlar tutun.
Yuz-qo‘llarni chimchilar,
Chirsillar pechda o‘tin.
Yo‘llar oyna – yaxmalak,
Naqsh solar ko‘hna rassom.
Tarnovlarda sumalak,
So‘z ojiz ta’rif yozsam.
***
Kapalaklar pirpirak,
Shamollarga bir ermak.
Uchar to‘zg‘ib parquday,
Aytar ko‘hna qish ertak.
Tegram to‘lar oqlikka,
Bunday baxt yo‘q otliqqa.
Yo‘lim oppoq marvarid,
Qalb limmo-lim shodlikka.
Ravshan ISOQOV