- Rukn: Sheʼrlar
- 485 marta ko‘rilgan
Bo‘ri
Qariyapman,
Ko‘zim asta tinib borar.
Bilagimdan quvvat ketib,
So‘nib borar.
Tushib ketdi bir-bir oziq
Tishlarim ham.
Bu kechasi tushlarimga
Kirdi onam.
– Bolam, – dedi, – ahvolingdan
Xabar topdim.
Xazonlarni ko‘rpa qilib
Senga yopdim.
Yoshligingda o‘rmonlarning
Zo‘ri eding.
Necha-necha qo‘zichoqning
Boshin yeding.
Vaqting keldi, sovib borar
Endi tanang.
Xudo qabul qilarmikan
Tavbangni ham?
Bir istagim, dunyo qayta
Yaralgan dam,
Bu olamga maysa bo‘lib
Kelgin, bolam!
Sharifa SALIMOVA,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi