- Rukn: Sheʼrlar
- 1609 marta ko‘rilgan
Butun dunyo kulib tursin
Odil ABDURAHMON
Non qo‘shig‘i
Bug‘doy nonim, shirmoy nonim,
Shirinliging mening jonim.
Ushog‘ingni ko‘zga surtib,
Dadamlardan rahmat oldim.
Dehqon bobom himmatisan,
Taomlarning qimmatisan.
Dasturxonning eng to‘rida
Donolarning hurmatisan.
Yuzda quvonch qo‘nib tursin,
Butun dunyo kulib tursin.
Bug‘doy nonga, shirmoy nonga
Tandirimiz to‘lib tursin.
Muallimim, ustozim
Yuragimga yaqin bo‘lgan,
Gap-so‘zlari chaqin bo‘lgan,
Olimga ham aql bo‘lgan,
Muallimim, ustozim.
Sirlar bilan sirlashgan,
Olam bilan tillashgan,
Minglab dilga birlashgan,
Muallimim, ustozim.
Sizdan olib andoza,
Aqlim ham tiniq, toza,
Tolmayman she’rlar yoza,
Muallimim, ustozim.