- Rukn: Sheʼrlar
- 18822 marta ko‘rilgan
Jajji she’rlar
– Til o‘rganishning eng yaxshi yo‘li so‘zlar mazmuni yashiringan she’rlarni o‘qish. Bola so‘z qadrini tushunsagina chinakam kitobxon bo‘ladi. Iqbol Mirzoning “Erkatoy – erka toy” kitobini o‘qib juda quvondim. Chunki Iqboljon tuyuqlarimizga hamohang so‘z o‘yinlari tufayli bolalarga so‘z jozibalarini, so‘zning bag‘riga yashirilgan mo‘jizani ko‘rsata olgan, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev Respublika bolalar kutubxonasida o‘tkazilgan ushbu kitob taqdimotida. O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzoning ustozning yuksak bahosiga sazovor bo‘lgan, “Erkatoy – erka toy” kitobi “Sano-standart” nashriyotida chop etilgan. Kitob sizlarga ham manzur bo‘lib, doimiy hamrohingizga aylanishiga ishonamiz. Zero, muallif ushbu kitobni unga ilhom bergan qizalog‘i Kumushoy va barcha adabiyotni yaxshi ko‘radigan bolajonlarga bag‘ishlaydi.
Tulkining ukasiga dashnomi
Qanaqa betartibsiz?!
Dumimga bet artibsiz!
Akang qarag‘ay
Men archaga og‘aman,
U tarafga og‘aman.
Shaharlik kaptar suvombor haqida
Ko‘rdim ikki tog‘ ora,
Suv lim to‘la tog‘ora.
Xirmonda hozir kalamushga sichqonning e’tirozi
Bu – tekinxo‘r “donolar”
Ekin ekmay don olar.
O‘rgimchak topgan rohat
Chiqib uyning to‘riga,
Yonboshladi to‘riga.
Yo‘rg‘aning bola tarbiyasi
Bo‘rini tep, tishlab ot!
Toychog‘im, sen otsan, ot!
Chuvalchangning hayrati
Ota-onam tinmay yer,
Tugab qolmasmikan Yer?
Turna
Davraga eldan burun
Suqulib kirdi burun.