- Rukn: Sheʼrlar
- 3616 marta ko‘rilgan
Mehr bisyor edi
Ulg‘ayish
– To‘qqizinchi mayda kelinglar,
Giloslar pishadi bir shirin...
Bobomning bu aytgan so‘zida
Mehr bisyor edi,
Mehr yashirin.
Urush majruh etgan oyog‘in,
Sudragancha kulib shodumon,
Boshlab bizni bog‘ning to‘riga
Meva bilan etardi mehmon.
Bu yil aytgan kunida borsak,
Og‘ir xasta yotgan ekan deng.
Shivirladi so‘lg‘in lablari:
– Gilos pishdi,
Giloslardan yeng...
So‘nggi so‘zi shu, yumdi ko‘zini.
Otam o‘ksib,
Amakim kuyib,
Quchog‘iga otdi o‘zini.
Giloslar-chi, daraxt shoxida
Turishardi bizdek mung‘ayib,
...Men bobomni izlab yig‘ladim,
Birdaniga qoldim ulg‘ayib.
Kenjatoy
Besh akam bor,
Barisi
Menga birdek mehribon.
Kiyim-kechak vajidan
Qiynalmayman hech qachon.
Tor bo‘lib qolganlarin
Yuvib, avaylab, taxlab
Sovg‘a kabi berishar
Suyub, erkalab, maqtab.
Liboslarim ko‘p, shundan
Sal gerdayib yuraman,
Kiyganda akalarim
Mehrin sezib turaman.
O‘zbek oilasi
Alijonning to‘nchasin
Valijonga beramiz.
Qodirjonning qalpog‘in
Nodirjonga beramiz.
Karomatning ko‘ylagin
Komila kiyar endi.
Tursunboyning tuflisi
Turg‘unga kelar to‘g‘ri.
Ana shunday!
Kiyimlar
Ortmaydi o‘zimizdan,
Bu oila tejamkor, deb
Do‘kondor xafa bizdan.
Tuya
Shaharga, hayvonot bog‘iga
Borganimda tuyani ko‘rdim.
Xomush edi o‘ksik boladay,
Ahvoliga tushunmay turdim.
Nega shunday?
Hamma parvona,
Odam bosgan o‘ng-u so‘lini,
Akam dedi:
– Ko‘ziga qara,
Yig‘layapti qo‘msab cho‘lini.
Asl she’rlar
Asl she’rlar, eng sara she’rlar
Yozilmaskan, tug‘ilar ekan.
Asl she’rlar, eng sara she’rlar
Yuraklardan to‘kilar ekan.
She’rni taqdir, qismat deganning
Omadini bersin xudoyim.
Har qadamda Muhammad Yusuf
Ruhi qo‘llab tursin iloyim.
Sodiqjon Inoyatov