- Rukn: Sheʼrlar
- 3036 marta ko‘rilgan
Nabiramning hayrati cheksiz
Raim Farhodiy,
75 yosh
Handalak
Handalak yegach urug‘ini,
Olib qo‘ydim baland tokchaga.
Bahor kelgach asta avaylab,
Ekdim uni bir tuvakchaga.
Tuproqqa qum aralashtirib,
Qadab qo‘ydim tavakkal deya.
O‘ksitmadim kichik “poliz”da,
Vaqti bilan suv bera-bera.
Ayni yozning issiq onida,
Ko‘p qavatli uy ayvonida.
Shu urug‘dan bir nihol undi,
Gullab berdi rosa sevindim.
Desalar-da, mehnating zoye,
Parvarishni qilmadim kanda.
Desalar-da, kashnich, shivit ek,
Hayollarim uchdi osmonda.
– Yo‘q, handalak unib-o‘sadi,
Bunga faqat ishoning, dedim.
Mehr, ixlos bilan men uning
Tuprog‘ini yumshatib turdim.
Va nihoyat urug‘ nish urdi,
Gullab berdi qoldirib hayron.
Gul atrini sezgan bolari
Uchib kirdi xonamga shodon.
Nektar yig‘ib xo‘p changlatdi-ku,
Atrofida aylanib gir-gir,
Tabiatning tuhfasimi bu –
Bolarining kelishi axir?
Hafta o‘tmay meva tugdi u
Yaprog‘iga yastanib oldi.
Kundan-kunga bo‘yin ko‘rsatib
Ayvonchaga bezak bo‘pqoldi.
To‘qqizinchi qavatdan shahar
Kaftdagidek aniq ko‘rinar.
Ko‘rgan hayron handalagimga
Koptok misol osilib turar.
Nabiramning hayrati cheksiz,
Quvonardi har ko‘rganida,
Katta-kichik birdek zavq oldi
Goh o‘tirib, goh turganida.
Ha, nabiram to‘g‘ri gapirdi,
Handalakcha pishib qoladi.
Oltin kabi tovlanib har tong,
Zarrin quyosh nurin oladi.
Rus tilidan Zahro HASANOVA tarjimasi