- Rukn: Sheʼrlar
- 2927 marta ko‘rilgan
O‘qi, bolam, kitobing
O‘qi, bolam, kitobing ezgulikka boshlaydi,
O‘qisang, qattiq ko‘ngling, bolam, biram yumshaydi,
Bog‘laring, chamanlaring gul ochadi, yashnaydi,
Hayot nomli laylaklar yuragingda qishlaydi,
Avlodlaring, Vataning, bolam, mangu yashaydi,
Kir libosin egnidan dunyo yechib tashlaydi,
Vatansizlar, xoinlar, albat, labin tishlaydi,
Tinchlikni ko‘rolmaslar oxir boshin qashlaydi.
Bilimdonlar tafakkur chirog‘ini yoqadi,
Kelajakning qo‘llari eshigingni qoqadi,
Osmoningda oy, yulduz jilmayadi, boqadi,
Kitobingdan yaxshilik ziyo bo‘lib balqadi,
Qalb atalmish daryoda sohir hislar oqadi,
Dilginang chashmasida mehr suvdek qalqadi,
Ilmsizlik odamni ilondayin chaqadi,
Ko‘zlaringga javdirab dunyo hayron boqadi.
O‘qi, bolam, o‘qisang, yo‘llaring bo‘lgay ravon,
To‘solmaydi yo‘lingni uchragan turli dovon,
Obod, ozod diyorda surasan davr-u davron,
Dilingni zabt etolmas hasad, shubha-yu gumon,
O‘qiganni Yaratgan, albat, qo‘llaydi, ishon,
Turli balo-qazodan hur bo‘lasan, ham omon,
Dilginang osmonida charaqlar oydek vijdon,
Vataningga, farzandim, gul davron keldi, ishon.
Oygul UBAYDULLO