- Rukn: Sheʼrlar
- 1368 marta ko‘rilgan
Lim-lim quvonch yurakda
Tong daftari
Tursam shirin uyqudan
Tong daftarin varaqlar.
Sarlavhasi “Tinchlik” deb,
Quyosh xursand charaqlar.
Shabbodaning so‘ziga
Gul tebranib raqs etar.
Shoxda chumchuq chirqillab,
Bulbul bilan bahs etar.
Ariqchada zilol suv,
Qo‘shiq aytib shildirar.
Qo‘ldan tushib koptogim
Bir oz sakrab g‘ildirar.
Ayri cho‘pni ko‘tarsam,
Uzum boshi ilinar.
Anjir rangi sarg‘ayib
Pishganligi bilinar.
Dasturxonda noz-ne’mat,
Piyolada shirin choy.
Shirmoy kulcha yonida
Qaymoq bor-ov hoynahoy...
Lim-lim quvonch yurakda,
Ochilar dil darchasi.
Bu – mustaqil Vatanda
Bir go‘zal tong parchasi.
Yetolmadim dalaga
Onam issiq non berib,
Dedi: – Tez elt, otang-ga!
Yo‘lda futbol qizidi,
Kech bo‘libdi, attang-a...
Otam xomush o‘tirar,
Onam yozar dasturxon.
Bir so‘z demay yer chizdim,
Qo‘ltig‘imda sovuq non.
Onam hayron, otam der:
– Urishmoqdan yo‘q foyda,
Ishda unum bo‘lmaydi,
Loqaydlar bor joyda.
Bir dona oy, durdona oy
Yerdan yiroq – osmonjon,
Oltin chiroq osgan on.
Qo‘l uzatsam yetmadi,
Xafa bo‘lib ketmadi.
Oymomojon, oymomo,
Oppoq nurga boy momo.
Handalakdek kuldi u,
Dumalamay yurdi u.
Tushib ketmas, sehri bor,
Odamlarga mehri bor.
Oymomojon, oymomo,
Oppoq nurga boy momo.
Oyni hech kim olmasin,
Olam oysiz qolmasin.
Bir dona oy yashasin,
Durdona oy yashasin.
Oymomojon, oymomo,
Oppoq nurga boy momo.
Kim qayerda uxlaydi?
Quyoshga soz tog‘ orti,
Kulcha bo‘lib g‘ildirar.
Suvlar qo‘nim topolmay,
Ariqchada pildirar.
Qo‘zichoq shod suykalar
Ona qo‘yga soyada.
Burgutlar-chi, xotirjam
Tin olishar qoyada.
Bolalar-ey, bolalar,
Qorni to‘ysa, erinib
Joy tanlamas, qo‘yar bosh
Ish qilgandek kerilib.
Vali Ahmadjon