- Rukn: Sheʼrlar
- 1461 marta ko‘rilgan
Pishloqdagi teshiklar
Tan Bjerva, Polsha
– Ayting,
Bu qanday jumboq,
Nega teshilgan pishloq?
Aslida pishloq pishgan,
Kim uni atay teshgan?
– Teshgan men emas,
Boshqa, –
O‘ylanib dedi Qashqa.
– Qiziq, –
G‘o-g‘oladi G‘oz. –
Fol ochmoq
Mushkul biroz.
Yig‘laguday dedi Qo‘y:
– Qiyin masala, voy-bo‘y!
Hech kim bo‘lmasa iqror,
Balkim biladi Qo‘chqor?
– Bunga sabab mushuklar,
Shundan barcha teshiklar, –
Dedi xonaki ko‘ppak,
Pishloqni hidlab jindak.
Mushuk tomdan pishqirdi,
– Men emas, – deb qichqirdi.
– Bu aniq sichqon ishi,
Shundan pishloq tirqishi!
Qaydandir keldi Qarg‘a,
Ish bo‘yicha bosh darg‘a.
Yuklandi unga shu ish,
Pishloq bo‘yicha taftish.
Qarg‘a ishga kirishdi,
Balki dersiz:
“Ish pishdi!”
Qarg‘a kalomin o‘qib,
Yedi pishloqni cho‘qib!
Qoringa ketdi pishloq,
Baqirdi butun qishloq:
– Falon, chulon, pismadon,
Pishloqni qildi gumdon!
Uchib chiqib devorga,
Qarg‘a dedi:
– Bekorga
Qilmang meni haqorat,
Pishloq bo‘lmadi g‘orat!
Teshikka tekkanim yo‘q,
Bekorga yeganim yo‘q!
To‘g‘ri, pishloq yo‘qoldi,
Lekin teshiklar qoldi!
Shunday tugadi bu bahs,
Jonzotlarga bo‘ldi dars.
Lekin hech kim bilmaydi,
Tugamas bu qo‘shiqlar:
Paydo bo‘lgan qayoqdan,
Pishloqdagi teshiklar!?
Rus tilidan Nurulloh OSTON tarjimalari