- Rukn: Sheʼrlar
- 326 marta ko‘rilgan
Lolaxon va ari
Uyin buzgan dushmanin
Ari quvdi vizillab.
Ta’qibidan raqibning
Lola qochdi g‘izillab.
Yetvoldi-ya, baribir,
Ari chaqdi jizillab.
Og‘rig‘iga chidolmay
Lola yig‘lar izillab.
Qora charos ko‘zidan
Yoshlar oqar tizillab.
Chopib qoldi onasi
Oshxonaga tuz izlab.
Dadasi ham kep qoldi,
Qulupnayni ko‘z-ko‘zlab.
Hiq-hiqlab yeb mevani,
Qizcha bo‘ldi qizil lab.
Vohidjon JABBOROV