- Rukn: Sheʼrlar
- 350 marta ko‘rilgan
Tarvuz va qovoq baxsi
Yaxshi taniysan, oshna,
Uchrashamiz har kuzda.
Qovunxonga yon qo‘shni,
Men Qo‘zivoy tarvuz-da.
Bahslashdik qovoq-la,
Endi maysa paytimiz:
“Pishsak rosa yetilib,
Shirinroqmiz qaysimiz?!”
Emib Quyosh nuridan,
Yerdan oziq simirdim.
Pushta uzra yonboshlab,
Kundan kunga semirdim.
Qovoq bo‘lsa uyquchi,
Ko‘rpasini xush ko‘rdi.
Qochib quyosh nuridan
Salqinlarda tush ko‘rdi.
Men toblandim quyoshda,
Jismim to‘ldi sharbatga.
Talomosh qip xaloyiq
Turayapti navbatga.
Xaridorlar aytishdi:
“Qovoq bo‘pti xomsemiz.
Toki shakar solmasak,
Totli bo‘lmas somsamiz!”
Mag‘lub bo‘lib Qovoqvoy
Tan beryapti taqdirga.
“Pishsin” deya odamlar
Tiqar uni tandirga.
Vohidjon JABBOROV