- Rukn: Sheʼrlar
- 407 marta ko‘rilgan
Qovun
Tarvuzning yon qo‘shnisi,
Poliz suygan qovunman.
Shirinlikda asalga
Eng birinchi m(u)ovinman.
Men pishmasdan, desalar:
“Handalak yeb, ovun, ma”,
Tatib ko‘rib so‘ng uni,
Qovun shu deb ovunma.
So‘rab yurmay totimni
G‘arazgo‘y-u xolisdan,
Meni izlab yo‘lga chiq,
Topajaksan polizdan.
Dimog‘ingni qitiqlab,
Hidim kelsa olisdan,
To‘ldir, oshna, o‘pkangni,
Avval bahra ol isdan.
Tanla, kirib paykalga,
Pishganimni dum berib.
Karjim solsang og‘zingga,
Ketyapmanmi zum erib?!
Eh-he, mening oldimda
Nima bo‘pti handalak?
O‘zing bilvol qiyosdan:
Men asal, u sumalak.
Vohidjon JABBOROV