- Rukn: Sheʼrlar
- 2420 marta ko‘rilgan
Nima qilay?
Oyim deydi: – Qo‘y, bolam,
Pichoq qo‘lni kesadi.
Dadam deydi: – Qo‘y, o‘g‘lim,
Bolg‘a panjang ezadi.
Bobom der: – Ketmonni qo‘y,
Oyog‘ingni chopadi.
Momom derlar: – O‘ynama,
Iting o‘jar, qopadi.
Opam, gulni ushlama der,
Tikani qo‘lga kirar.
– Kompyuterga tegma, – deb
Akamlar dashnom berar.
Buyruq va dashnomlardan,
Jovdiraydi ko‘zlarim.
Sizlar xolis aytinglar,
Nima qilay, do‘stlarim?
TANDIR
Ichimga o‘t yoqishar,
Turli holga tushaman.
Avvaliga qorayib,
So‘ng oqarib, pishaman.
Ishim og‘ir va lekin,
Chidamasam bo‘lmaydi.
Mensiz to‘yda dasturxon
Shirmoy nonga to‘lmaydi.
Qo‘zi ISMOIL