- Rukn: Sheʼrlar
- 2590 marta ko‘rilgan
Qalbi olov yoshlarmiz!
Askar-askar o‘ynaymiz
Askar-askar o‘ynaymiz,
Askarlikka tanlaymiz.
Eng kuchli kim, sinaymiz,
Bir, ikki, uch... sanaymiz!
Kim tez chopsa, yugursa,
Marrasiga ulgursa,
Eng chopag‘on askardir,
Kim ekan u? Asqardir!
Kim yil bo‘yi chiniqsa,
Tog‘lar, bog‘larga chiqsa,
Asl o‘g‘lon askardir,
Kuchli, polvon askardir!
Shunqorlar marshi
Qo‘limizda mash’ala,
Tog‘-u dovon oshamiz!
Cho‘qqilarga intilib,
Marra tomon shoshamiz!
Nur olamiz quyoshdan,
Lovullagan lolamiz!
Toblanamiz yoshlikdan,
Po‘latdek zuvalamiz!
Biz bo‘lg‘usi askarlar,
Qo‘lda yalov yoshlarmiz!
Ezgu maqsad yo‘lida,
Qalbi olov yoshlarmiz!
Qo‘limizda nur sochib,
Lov-lov yonar alanga!
O‘zbekiston dovrug‘in,
Taratamiz olamga!
Yurtim, o‘g‘ling ekanman…
Yuragimda zavq-u shavq toshar,
Elim shoni kundan-kun oshar!
Buyuk yurtim O‘zbekistonni
Olqishlaydi keng jahon, bashar!
Ona yurtim, o‘g‘ling ekanman,
Senga jonim payvand, deganman!
Jangovar saf, mashq maydonida,
Vatanimning yer, osmonida,
O‘z izmimda turib mardona,
El sha’niga aytgum tarona.
Ona yurtim, o‘g‘ling ekanman,
Senga jonim payvand, deganman!
Yurt bayrog‘in boshga ko‘targum,
Va to‘ldirib mag‘rur ko‘kragim.
Olam uzra hayqirgum sherday,
Jo‘shqin daryo Amu va Sirday.
Ona yurtim, o‘g‘ling ekanman,
Senga jonim payvand, deganman!
Iskandar RAHMON