- Rukn: Sheʼrlar
- 790 marta ko‘rilgan
“Qush nomlarin sharhladim”
Aziz oʻquvchilar! Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Nabijon ERMATOV qiziqarli topishmoq va tez aytishlari orqali siz oʻquvchilarga yaxshi tanish. Ijodkorning yaqinda “Muharrir” nashriyotida chop etilgan qanotli doʻstlarimiz – qushlarning turli xususiyatlari haqidagi kitobi ham sizga manzur boʻladi, deb oʻylaymiz.
Qushlar olami
Qush nomlarin sharhladim,
Bolajonlar sizlarga.
Shoshilmay oʻqib bering,
Yaqin oʻrtoq, doʻstlarga.
Alifbo tartibini
Qushlar bilan boyitdim.
Ancha qiyin kechsa ham,
Taʼriflarin jo etdim.
Oʻqib, uqing birma-bir,
Qushlar haqda sheʼrimni.
Bilasiz feʼl-tusi-yu,
Ular oʻsgan yerini.
Qush turlari sharhiga
Mulohaza avjlansin.
Bilagʻon bolajonning
Fikrlari mavjlansin.
Tovus
Tovuqsimon bir qush u,
Qirgʻovullar urugʻi.
Oyogʻi xunuk, lekin
Goʻzal, uzun quyrugʻi.
Kamalakdek tovlanar
Dumin yoysa, bu soz-u
Shu husniga yarasha
Hush boʻlsaydi ovozi.
Saʼva
Sayroqi qush turkumin
Qatorida oʻrnim bor.
Chiroyim koʻzga yaqin,
Diltortar, xush koʻrkim bor.
Vaznim juda ham yengil,
Tumshuq chidamli, toʻmtoq.
Oʻrmon, toʻqay, bogʻ-togʻda,
Kezib yuraman koʻproq.
Bir yilda ikki marta,
Jish joʻjalar ochaman.
Ikki hafta oʻtganda,
Uchsa mehrim sochaman.
Hasharotlar, don-dunlar
Yeb yuramiz asli biz.
Boqilsak xonadonda,
Sayrash bizning kasbimiz.
Tuyaqush
Oyoqlarimiz kuchli,
Ucholmaymiz chopamiz.
Nim chuqur uya yasab,
Toʻqqiz tuxum bosamiz.
Asli afrikalikmiz
Keng joylarga oʻrgangan.
Endi uyda saqlashar,
Eh, erkimiz cheklangan.
Tadbirkorlar boqishar,
Koʻnikkanmiz “tuzoq”qa.
Goʻsht-u, tuxumimizni
Yegan mazza qilmoqda.