- Rukn: Sheʼrlar
- 576 marta ko‘rilgan
Xabar sotuvchi
Yangi gaplar sotaman,
Eski gaplar ham.
Bolajonlar, kepqoling,
Qoldi juda kam.
Surishtirmang narxini
Shardan ham arzon.
Xo‘rozqandga – rost xabar,
Pishloqqa – yolg‘on.
Almashaman yangisin
Kepaksiz unga.
Eski gapni – puch yong‘oq
Yoki sovunga...
Buni tongda eshitdim,
Eng yangi xabar:
Yeb qo‘yganmish tushida
Burgutni kaptar.
Quyon yo‘lbars terisin
Yopinib yurib,
Hushdan ketdi, ko‘zguda –
O‘z aksini ko‘rib.
O‘tgan kuni Tulkivoy
Obkelib Xo‘roz,
Hiringladi Bo‘riga
Taltayib biroz.
Bo‘ri esa xush ko‘rmas
Hazil, kulgini.
Avval yedi Xo‘rozni,
So‘ngra Tulkini.
“Savodsiz”, deb Ayiqni
Qilganmish ermak –
Uch yil bitta sinfda
O‘qigan Eshak.
Kecha doktor Arslonga
Arz qildi Tuya,
Qimmatbaho terimga
Tushdi, deb kuya.
Doktor uning arziga
Soldi-yu quloq,
Shilib olib terini,
Tekshirdi uzoq.
Bugun tog‘da uchratdim
Ochko‘z To‘ng‘izni,
Yamlaganmish u birdan
Besh ming Qo‘ng‘izni.
Kirpi borib bozorga,
Olganmish igna...
Qiziqsangiz, yangi gap –
Topilar yana.
Bolajonlar, kepqoling,
Xilma-xil xabar!
Uni sotib olganlar
Ko‘rmaydi zarar.
Anvar OBIDJON